Xiaomi kompaniyasi shu yilning mart oyida Xitoy bozori uchun Smart Band 7 aqlli soatini taqdim etgan edi. Keyinchalik, aniqrog‘i, iyul oyida kompaniya uni xalqaro bozorga sotuvga chiqardi. Kecha esa xitoylik kompaniya 1.64 dyuymli AMOLED displeyi bilan jihozlangan Smart Band 7 Pro soatini taqdim etdi.
Qurilma displeyi 486x280 piksel rezolyutsiyada bo‘lib, uning piksellar zichligi 326ppi ni tashkil qiladi. Maksimal yorqinlik 500 nit, qurilmada yorqinlikni avtomatik tarzda boshqaruvchi funksiya mavjud. Displey, shuningdek, barmoq izlariga qarshi temperli oyna bilan qoplangan. Smart Band 7 Pro yurak urish tezligini kuzatish, qondagi kislorod miqdorini o‘lchash va uyquni kuzatish kabi odatiy ko‘plab salomatlik va fitnes funksiyalariga ega.
Qurilma 110 dan ortiq sport rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi va hatto bilakda yugurish bo‘yicha murabbiy funksiyasiga ega bo‘lib, u 10 ta oldindan rejalashtirilgan yugurish kurslarini taklif etadi. Yurak/o‘pka salomatligini mustahkamlash uchun intervalli mashg‘ulotlar ham mavjud.
Gadjet GNSS tizimiga ega bo‘lib, foydalanuvchilarga smartfonsiz ham yo‘nalishlarni kuzatish imkonini beradi. Bundan tashqari, u suvga chidamli bo‘lib, qurilmani yechmasdan suzish bilan shug‘ullanish mumkin.
Smart soatd Android 6.0 yoki iOS 12'dan yuqori tizimlarda ishlaydigan smartfonlar bilan bog‘lana oladi. Kompaniya qurilmaning akkumulyator hajmi haqida ma’lumot bermadi. Ammo undan o‘rtacha darajada foydalanganda 12 soat ishlab berishi mumkin.
Xiaomi Smart Band 7 Pro yashil, to‘q sariq, qora, ko‘k, oq va pushti ranglarda taqdim etildi. Uning narxi Yevropada 99 yevroni tashkil qiladi.
Shuningdek, kecha Yevropa bozori uchun Redmi Pad plansheti taqdim etildi. U 3/64GB, 4/128GB, 6/128GB xotira turlariga ega. Planshet oq, kulrang va yashil ranglarda bo‘ladi. Uning narxi 279 yevrodan boshlanadi.