У нас есть только
оригинальные песни

Uy almashtirish shartlari qanday? 10 ta savolga javob

calendar 03.03.2024
100

B.ismlishaxs N.bilan kelishib, oʻzi yashab turgan kvartirani uning uyiga almashtirmoqchi. Buning tartibi, shartlari qanday boʻladi? Uyni almashtirishga oila aʼzolaridan biri norozi boʻlsa-chi? Bir uyga bir necha kishi egalik qilsa, ulardan biri oʻz ulushini boshqa birov bilan almashtira oladimi? Qanday hollarda turar joyni almashtirib boʻlmaydi? Hudud24.uz quyida shu kabi savollarga javob beradi.

1. Uy qanday almashtiriladi?

Turar joylarni almashtirish huquq va majburiyatlarni oʻzaro oʻtkazish tarzida mahalliy davlat hokimiyati organlari qaroriga binoan amalga oshiriladi. Buning uchun kvartira joylashgan hokimlik nomiga ariza bilan murojaat qilinadi. Hokimlik arizani koʻrib chiqadi. Turar joyni almashtirish shartnomasini tasdiqlaydi va almashtiruv orderini beradi.

2. Qanday uylarni almashtirish mumkin?

Quyidagi joylarni turar joy sifatida almashtirish mumkin:

bir yoki bir necha xonadan iborat turar joy;

mulkdorning ulushiga toʻgʻri keladigan turar joyning qismi, shu jumladan, tutash xona yoki xonaning qismi.

3. Bir uyga bir necha kishi egalik qilsa, ulardan biri oʻz ulushini boshqa birov bilan almashtira oladimi?

Ha almashtira oladi. Uy egalaridan biri oʻz ulushiga toʻgʻri keladigan uy-joy maydonining qismini boshqa birov bilan almashtirishga haqlidir.

Turar joyni almashtirish oqibatida koʻchib kirayotganlar bu joyda yashash uchun qolayotganlarning oila aʼzosi sifatida yoxud umumiy mulk ishtirokchilari sifatida koʻchib kirishlari kerak.

4. Idoraviy uy-joy fondi tomonidan berilgan uylarni almashtirish mumkinmi?

Idoraviy uy-joy fondi tomonidan berilagan uylarda yashovchilar oʻzlari bilan birga yashovchi voyaga yetgan oila aʼzolarining, shu jumladan, ular bilan doimiy yashayotgan, vaqtincha boʻlmagan fuqarolarning yozma roziligiga binoan egallab turgan turar joyini qonunchilikda belgilangan tartibda almashtirishga haqlidirlar.

5. Oila aʼzolarining roziligi boʻlmagan taqdirda turar joy qanday almashtiriladi?

Agar turar joyning mulkdori va uning voyaga yetgan oila aʼzolari, ijaraga oluvchi va uning voyaga yetgan oila aʼzolari hamda u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosi va pay jamgʻarmasining qismiga huquqi boʻlgan uning oila aʼzolari oʻrtasida turar joyni almashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishilmagan boʻlsa, ulardan har biri egallab turgan turar joyini turli uylar, kvartiralardagi turar joylarga majburan almashtirishni sud tartibida talab qilishga haqlidir.

Bunda almashtirilayotgan turar joyda yashayotgan shaxslarning manfaatlari hisobga olinadi.

6. Homiylik yoki vasiylikka olingan shaxsning turar joyini almashtirsa boʻladimi?

Homiylikka yoki vasiylikka olingan shaxsning foydalanishida yoxud mulkida boʻlgan turar joyni almashtirish uchun tegishli homiylik va vasiylik organining roziligi boʻlishi kerak.

7. Qonunchilikda turar joyni almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydigan holatlar bormi?

Quyidagi hollarda turar joyni almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi, agar:

ijaraga oluvchiga nisbatan turar joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisida daʼvo taqdim etilgan boʻlsa;

jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi munosabati bilan turar joy xatlangan (boshqa shaxsga berish taqiqlab qoʻyilgan) boʻlsa;

almashtirish soxta tusda boʻlsa;

turar joy texnik nosoz holatda boʻlib, buziladigan yoki boshqa maqsadlarda foydalanish uchun qayta quriladigan yoxud davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun beriladigan boʻlsa;

turar joy yashash xonalarini qayta qurish yoki oʻzgartirish bilan kapital taʼmirlanishi lozim boʻlsa;

almashtiriladigan turar joylardan biri aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uyida boʻlsa;

joy xizmat turar joyi boʻlsa yoki yotoqxonada boʻlsa;

almashtirish munosabati bilan almashayotgan taraflardan birining uy-joy sharoitlari tubdan yomonlashib, buning oqibatida fuqarolar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlib qolsalar.

8. Turar joylar almashtirilishini qaysi organlar rasmiylashtiradi?

Bir aholi punkti chegarasi doirasidagi davlat uy-joy fondining turar joylarini almashtirish mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan rasmiylashtiriladi.

Agar turar joylar turli aholi punktlarida boʻlsa, almashtirish almashtirilayotgan turar joylardan biri joylashgan joydagi (almashtirish ishtirokchilarining xohishiga koʻra) mahalliy davlat hokimiyati organlarida rasmiylashtiriladi.

Xususiy uy-joy fondidagi turar joylarni almashtirish notarial guvohlantiriladi va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.

9. Uyni almashtirish toʻgʻrisidagi ariza bilan qaysi tashkilotga murojaat qilinadi?

Turar joylarni almashtirish istagida boʻlgan fuqarolar mahalliy davlat hokimiyati organlariga belgilangan shaklda arizani topshiradilar.

Mulkdor, ijaraga oluvchi, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosining arizasiga qonunchilikda koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinadi.

Barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab ariza qabul qilingan deb hisoblanadi.

10. Rasmiylashtirish qanday boʻladi?

Turar joylarni almashtirish toʻgʻrisidagi shartnoma turar joylarni almashtirish rasmiylashtirilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan beriladigan almashtiruv hujjatlari (orderlari) olingan paytdan boshlab kuchga kiradi.

Fuqaroga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joylarni munitsipal yoki idoraviy uy-joy fondining uyidagi yoxud uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi uyidagi turar joylarga almashtirish almashtiruv hujjati (orderi) va turar joylarni almashtirish shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Davlat uy-joy fondidagi turar joyni almashtirish shartnomasi almashtirish rasmiylashtirilayotgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi.

Turar joylarni almashtirish shartnomasini tasdiqlash va almashtiruv orderini (orderlarini) berish bir vaqtda amalga oshiriladi. Rasmiylashtirish ishlari hujjatlar berilgan kundan boshlab oʻn kunlik muddat ichida amalga oshiriladi.


Turgʻun Azimov,

Adliya vazirligi masʼul xodimi