Sakkizinchi sinf edim. O'sha yillar maktabimiz to'liq ta'mirdan chiqib, zamonaviy ko'rinishga keldi. Biz uch oy davomida ko'cha changitib yurganimizda maktabda ustalar mehnat qilishdi.
Yozning so'nggi oyi mahallada yomon xabar tarqaldi: “maktab qurilishida ishlayotgan ishchilardan biri narvondan (havoza) yiqilib tushib o'libdi, uni yonida turgan sherigi itarib yuboribdi”. To o'quv yili boshlanib, maktab o'quvchilar bilan to'lguncha bu voqeaning yangidan-yangi tafsilotlari ochila boshladi. O'likning tanib bo'lmas alfozga kelgan yuzi, hatto uzilib tushgan boshi haqida ham gapirishdi.
Ba'zilar “Qurilishda uncha-muncha “stroy material” yo'qolib turar ekan. Yiqilgan va uni yiqitgan ishchi ana shu ishlarning boshida turarkan. Oxiri ular o'rtasida janjal chiqibdi-yu, biri ikkinchisidan shunday qutilibdi” desa, boshqalar “Aslida ular anchadan beri qidiruvda bo'lgan xavfli jinoyatchilar ekan”, deyishdi. Bunga hodisaning ertasiga o'sha atrofda militsiya “naryadi”, iskovuch itlari bilan kelganini “hujjat” qilishdi.
O'sha o'quv yilining avvalida o'quvchilar tomonidan eng ko'p muhokama qilingan mavzu shu bo'ldi. Mahallaning kattalari orasida tarqalib, o'ziga xos film voqealariga o'xshab ulgurgan hodisa endi yosh bolalarning tillarida ham yangi qirralar va yangi ko'rinishlar bilan boyib bordi. Bir hafta o'tmay mudhish voqea tarix sinf xonasiga deraza romlarni o'rnatilayotganda sodir bo'lgan degan aniqlashtirishlar paydo bo'ldi. Endi aksar o'quvchilar bu xonaga kirganda qo'rqib o'tiradigan bo'ldi.
Bu hol albatta o'qituvchilarga ham ayon edi. Tarix darslaridan birida ustozimiz sinf jurnalini ochib birin ketin ism-familiya sanay ketdi. Bu sanash odatdagi davomaddan farq qilar edi. Pala-partish, jurnalning u er, bu eridan ismlar aytildi.
— Hozir, kimning nomini aytgan bo'lsam o'rnidan tursin, — dedi ustozimiz jurnalni yopar ekan.
Aytilganlar turishdi. 10-12 bola. Ahamiyat bersam, turganlarning sinfdagi joylashuvi bir parta oralab bo'lib, ulardan ustozga eng yaqin turgani Nozima edi.
— Hozir sizlar bilan bir tajriba o'tkazamiz — dedi ustozimiz va oq qog'ozga nimalarnidir yozdi, — Nozima, yaqinroq kel. – Ustoz u kelgach stoli ustidagi hozirgina nimalarnidir yozgan qog'ozni olib unga tutqazdi. – Buni ichingda o'qi va joyiga qaytarib qo'y. – Tabiatan juda sodda bo'lgan Nozima, aniq nima bo'layotganini bilmasa-da, unga qandaydir qiziq o'yinday tuyuldimi, har holda yuzida kulgi sezilib turardi.
— O'qib bo'lgan bo'lsang, endi borib o'zingdan keyin turgan Sherzodning qulog'iga, faqat o'zi eshitadigan darajada past ovozda nima haqida o'qiganing gapirib ber, — Bu so'zlardan so'ng butun sinfda past kulgi eshitildi. Hamma nima bo'lishiga qiziqib qolgandi. Mana Sherzod ham o'sha qog'ozda nima yozilganini Nozimadan bilib oldi.
— Endi, sen – Sherzod, eshitganingni ortingdagi sinfdoshinga etkaz shu tartibda ket-ketlikda barcha turgan o'quvchilar bir-birlariga eshitganlarini etkazishsin, oxirgi o'quvchi esa nima eshitgani ovozini chiqarib butun sinfga aytadi, — ochig'i ichim qizib, turganlar safida bo'lgim keldi. Qiziq, nima gap ekan-a bu?
Uch-to'rt daqiqaga qolmay o'ziga xos estafeta tugadi. Hozircha ko'pchilikdan maxfiy qolayotgan so'zlarni hammaga Rustam degan sinfdoshim e'lon qiladigan bo'ldi. Rustam sinf tugul maktabda nomi chiqqan bezori edi. U biroz tirjayib turdi-da:
— Shahnoz bilan Olim bugun maktabga kelishmadi. Kecha ham kelishmagandi. Kecha ulani Panaramada ushavolishibdi – dars vaqtida. Ertaga esa ikkalasini ishi “lineyka”da ko'rilarkan. – dedi, U bu so'zlarni aytar ekan yuzidagi ifoda o'zgarmagandi.
Sinf bor ovozda kulgiga to'ldi. Kimdir “o'o'o', dahshat-ku”, desa, kimdir “yo'g'-e unaqamasdir” deb qo'ydi. Ustoz esa atayin jim turar bizning ovozimiz pasayishi kutardi.
— Tinchlaning! — dedi-yu, to'satdan nigohini menga qaratib, — Orifjon, doskaga — dedi.
Men doskaga chiqdim. Nargiza opa qo'limga o'sha eng avvalida Nozima o'qigan qog'ozni tutqazdi.
— Ovozingni baland qilib o'qi. Ikki marotaba o'qi.
Men o'qidim:
— Bugun darsda yo'qlar – Abdullaeva Shahnoza va Xo'jaev Olimjon, — ko'zimni ustozimga qaratdim, u menga yana o'qi-o'qi dem imlardi. — Bugun darsda yo'qlar – Abdullaeva Shahnoza va Xo'jaev Olimjon.
Ha, qog'ozda boshqa gap yo'q edi.
— Endi joyinga o'tir – dedi biror muhim gapni gapirmoqchi bo'lganda doim turib oladigan joyi – o'ziga yaqin oyna oldi borib davom etdi. – Qurilishda, baxtsiz voqka bo'lgani rost. Ammo, o'sha yiqilgan usta to'rtinchi emas, ikkinchi qavatdan yiqildi va unga hech qanday jismoniy zarar etmadi. Hozir u soppa-sog', sizlar uchun qurilayotgan futbol maydonida ishlashda davom etmoqda. – U bu gaplarni deraza oynalari orqali ko'chaga tikilganicha gapirdi. So'ng sinfga yuzlanib, — Sizlar hali yoshsizlar, ko'p narsani jiddiy qabul qilmasligingiz tabiiy. Balki, shundan bugun ikki og'iz davomad bitigini, o'z sinfdoshlaringiz ustidan qattiq tuhmatga aylantirdingiz. Biroq, oz qoldi. Katta bo'lasizlar jamiyatda o'z o'rningizni topasizlar. Ana o'shanda har bir eshitgan gapingizni ko'tarib yurmang. Jamiyat nosog'lom bo'lar ekan, bu jamiyat ichida tarqagan xabarlar ham shunga yarasha biror darajada xasta bo'ladi. Qaytaraman, zinhor va zinhor eshitgan gapingizni ko'tarib yurmang, bilib-bilmay uni birovga etkazmang.
Men bu gaplarni ilk eshitganimdan ham ko'ra, hozir eslasam ko'proq ta'sirlanaman. Kim bilsin muallimim ham aynan aql ko'zlarimiz ochiladigan vaqtlarda tushunib etishimizni mo'ljal qilgandir. Tafakkur qilsam, zamonamizda axborot asri deb bong uramiz-u, negadir shu axborotning naqadar to'g'ri yoki noto'g'ri ekaniga e'tibor bermaymiz. Qaysi ommaviy axborot vositadan eshitgan narsamiz quloqqa yoqsa, o'zimizga shuni manba, dalil va hujjat qilib olamiz. Xabar yoki vaqealarni bizda bor bo'lgan eng ishonchli mezonlarda o'lchashni esa xayolimizga ham keltirmaymiz.
Yaqindagina poyoniga etib meni armon va umidlar ila qoldirgan Ramazon kechalari, poytaxtimizdagi sakinatga burkangan masjidlardan birida imom domla Hujurot surasidagi oyatlarni o'qib tadabbur qilishga chaqirdi:
- Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmanglar.
Men bu oyatlarni eshitar ekanman ojiz aqlim bilan yana bir bor tarix ustozimning darsini esladim.