Yolg‘iz ayollarning ko‘payishi, buning ortidan ularda turli xotin-qizlar kasalliklari ortishi, depressiya holatlari ko‘payishi, otasiz qolayotgan bolalar ruhiyati masalalari qatorida Markaziy Osiyodan borgan muhojir erkaklar bilan qurilayotgin baynalmilal oilalar sonining oshishi... Bularning barchasi urushdan keyin yuzaga chiqadigan mavzularga aylanmoqda.
Hozircha esa, erkaklar bajarib kelgan ishlarni xotin-qizlar bo‘yniga ola boshlagani haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. Jumladan, yuk mashinalari haydovchilari safi kamayib borishi, ayniqsa, chiqindi tashish bo‘yicha muammolarni yuzaga chiqara boshladi.
Rossiya OAVlariga ko‘ra, Sankt Peterburgdagi chiqindi tashishga ixtisoslashgan «Spetstrans№1» kompaniyasi ayol haydovchilarni ishga jalb etish borasida tajribaga kirishdi.
Boshlanishida 3 nafar nomzod tanlangan. Ular 24-25 yoshda, baquvvat. Biri hali turmushga chiqmagan, ikkitasining bolalari bor. Tabiiyki, tanlov ixtiyoriylik asosida amalga oshirildi, deyishdi ularning hamkasblari.
Bu albatta gender tenglik ishtiyoqidagi qadam emas, balki haydovchilarning bir qismiga chaqiruv qog‘ozi kelayotgani bilan bog‘liq holat. Ehtimol, kam qismiga ham emas, ko‘prog‘iga kelar – Mudofaa Vazirligi bu kasb egalarini harbiy xizmatga chaqirilayotganlar orasida eng ahamiyatlisi deb ta’kidlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan haftada «NEO» yagona mintaqa operatori Peterburgda chiqindi tashuvchilarni safarbarlikdan olib qolish masalasida harbiy komissariatga ariza bilan chiqqan. Aytilishicha, viloyatda haydovchilardan tashqari dispetcherlar, vodokanal xodimlari, ta’mirlovchilar, jami 2,4 ming kishi ishining muhimligi sababi bilan harbiy xizmatdan chetlatilishi so‘ralgan.
Chiqindi tashishga ixtisoslashgan «Spetstrans №1» va «Resurs ATE» kompaniyalarida asosan 40 yoshdan o‘tgan erkaklar ishlaydi. «Petro-Vaste» va «Eko Lende» shirkatlarida esa shofyorlar ancha yosh yigitlar.
«Allaqachon haydovchilarni chaqirishayapti, kimlardir esa o‘zi qayoqqadir g‘oyib bo‘layapti, ishga chiqmayapti» deydi kompaniyalardan birining mas’ul xodimi.
Xotin-qizlarni og‘ir rulni boshqarishga yo‘naltirish g‘oyasi o‘ziga xos qarama-qarshiliklarga ega. Ammo buni hal qilsa bo‘ladi. O‘rta va og‘ir yuk mashinalarini boshqarish uchun «S» haydovchilik guvohnomasi kerak. Agar avtopoyezd bo‘ladigan bo‘lsa «K» kategoriyali «prava» lozim. Zamonaviy chiqindi tashuvchi ulovlar avtomatik uzatish qutisiga va rulda gidrokuchaytirgichga ega. Shunda bo‘yi pastlik qilsa, yostiq qo‘yib ustiga o‘tirish mumkin.
Chiqindidan tozalashga ixtisoslashgan tadbirkorlar bozori ishtirokchilari Peterburgda haydovchilar allachaqonlar kamyob, yangilarini qayerdan topasan deb aytishadi.
«Hammasini allaqachonlar egallab olishgan. Oxirgi vaqtlar uzoq safarlar va shaharlararo qatnovlar kamaygani hisobidan bir iloj qilib turgandik. Haydovchining o‘rtacha maoshi 100 ming rubl (qariyb 19 mln. o‘zbek so‘mi miqdorida). Ish jadvali ikki kun ish va ikki kun dam yoki uch kun ish va uch kun dam. Bunda har smena 12 soatdan iborat bo‘ladi. Ammo ishda muntazamlik, bekatlarning bo‘lmasligini ham tushunish kerak.
Ayollarni katta yuk mashinalariga o‘tqazish shart emas, ya’ni kichiklari ham bor – ular torroq hovlilarga kirishga mo‘ljallangan. Haydash qobiliyati ustun bo‘lishi esa boshqa gap» – deydi biznesmenlardan biri.
Boshqa tadbirkor, xonimlar erkaklar o‘rnini bosa olishiga ishonqiramayotganini yashirmaydi: «Bu faqat rulni boshqarish emas-ku. Baklarni siljitish, ilgak qilish, orqaga qaytarish kerak. Hozirda yosh qizlar jismoniy mehnatga unchalik layoqatli emas deb o‘ylayman».
«Spetstrans №1» kompaniyasi egasi Anatoliy Yazev (u sohaga XX asrning 70-yillarida kirib kelgan, uni chiqindilarni to‘plash va qaytadan ishlash bozori patriarxi deb atashadi) ayol haydovchilarni tayyorlash borasidagi tajribani inkor qilmaydi:
- Avvaliga park hududida mashq qilib ko‘ramiz. Birichni bo‘lib urallik qizimiz boshlab beradi. Kelbatli, erkaklarni yo‘lda qoldiradi.
- Nahotki, sizlarda haydovchilar yetishmayapti?
- 1250 nafar xodimim bor, shundan 175 nafari harbiy majburiyatga ega. Ularga chaqiruv qog‘ozi kela boshladi.
Eslatma: Yazev sohaga XX asrning 70-yillarida kirib kelgan, uni chiqindilarni to‘plash va qaytadan ishlash bozori patriarxi deb aytishadi.
- Bunday g‘oya qanday paydo bo‘ldi?
- Ish boshlagan vaqtimda bizda bir qiz GAZ-51da zo‘r ishlardi. Ayni vaqtda unga yanada og‘irroq GAZ-53 ni bermagandilar. Biz zamonaviysini yaratish uchun sovet davridagi instruksiyalarni izlayapmiz. Menda 75 nafar slesar, 39 nafar traktorchi, keyin elektriklar, mexaniklar va gidravliklar bor.
- G‘oyaning ommaviy tarzda amalga oshishiga ishonasizmi?
- Hamma narsaga tayyor turish kerak.
O‘tgan qishda kommunal xizmatidagi sansalorlik va pandemiya tufayli Peterburgda chiqindi masalasi dolzarb bo‘ldi. 2023 yilda bunga haydovchilar safarbarligi ortidan chiqindi uyumlariga to‘ladigan shahar tarovati, fayzi yo‘qolishi tayin.
Safarbarlik e’lon qilinganining 8-kunida Peterburgda 8 mingdan ortiq kishiga chaqiruv qog‘ozi berilgan.
M.Tangriyorova tayyorladi.
Manba: daryo.uz