У нас есть только
оригинальные песни

O‘zbekistondagi barcha davlat idoralarida energiya menejeri lavozimi joriy etilishi kutilmoqda

calendar 03.03.2024
63
O‘zbekistondagi barcha davlat idoralarida energiya menejeri — Energy Efficiency Manager lavozimi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

“Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada jadallashtirish va respublikaning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror loyihasiga ko‘ra, barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarida, 2025-yil 1-yanvardan boshlab amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi bo‘yicha vazifalar yuklatiladi hamda energiya menejeri lavozimi kiritiladi - deya xabar beryapdi Daryo nashri.

Rahbariyat uchun energiya resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni joriy etish bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar (KPI) joriy etiladi.

Bundan tashqari, Energetika vazirligi markaziy apparatida umumiy shtatlar soni doirasida barcha tashkilot va korxonalarda energiya resurslari iste’molining tahlilini o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi tarkibiy bo‘linma hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi, Energetika vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Hududiy boshqarmalarning jami shtatlar soni 70 tani tashkil etadi va ular ma’muriy islohotlar doirasida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.

Hududiy boshqarma 1 nafar rahbar, elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis, mahalliy va import ko‘mir ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi bo‘yicha 1 nafar mutaxassis xodimdan iborat bo‘ladi.

Hududiy boshqarmalarning faoliyati 2024-yilda Energetika vazirligi huzuridagi Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan, 2025-yildan byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mavjud bino va inshootlarida joylashtiriladi.

Яндекс.Метрика