У нас есть только
оригинальные песни

«O'zbektelekom» rahbariyatidagi o'zgarishlar sababi ma`lum bo'ldi

calendar 10.08.2018
852

Bosh vazir Abdulla Aripov «O'zbektelekom» loyihalarining amalga oshirilish holatidan norozi bo'lgan, bu kompaniya rahbariyatidagi lavozim o'zgarishlarining asosiy sababi bo'ldi. Bu haqda Kun.uz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidagi manba ma`lum qildi.

8 avgust, chorshanba kuni besh oy o'tgach, Shuhrat Qodirov yana «O'zbektelekom»ga rahbar etib tayinlangani ma`lum bo'ldi. Ushbu lavozimni mart-avgust oylari davomida egallagan Farhod Ro'ziyev tijorat direktori lavozimiga o'tkazildi. Bundan tashqari, Jamol Maqsudov Yevgeniy Marking o'rniga Istiqbolli rivojlantirish va innovatsiyalar bo'yicha direktor lavozimiga tayinlandi. Kompaniya matbuot xizmati lavozim o'zgarishlari bo'yicha izoh berishdan bosh tortdi.

«Bu rahbariyatning qarori, agar shunday qaror qilishgan bo'lsa - hech qanday savollar bo'lmaydi. «O'zbektelekom» belgilangan vazifalarini o'z vaqtida bajarmaganligi uchun hukumatda tanqid qilindi. Biroq, barcha loyihalarni, hattoki Internet bo'yicha ham, amalga oshirish davom etayotgandi. Aftidan, natijalar yanada tezroq bo'lishi kerak edi», - deya xabar berishgan vazirlikdan. Suhbatdoshning ta`kidlashicha, tanqid aynan bosh vazir A.Aripov tomonidan qilingan.

Bu yil prezident Shavkat Mirziyoyev internetga narxlarni keskin pasaytirish, ulanish tezligini kamida to'rt barobarga oshirish, uni 2020 yilga kelib MDH davlatlari darajasiga olib chiqish bo'yicha topshiriq berdi.

«Biz Internet-kanalimizning imkoniyatlarini kamida 1,2 Terabitga kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz. Bu deyarli 10 barobar o'sishdir. Bu ishni shu yil oxiriga qadar yakunlash niyatidamiz. Balki, buni oldinroq ham qilarmiz, sababi vazifani amalga oshirish uchun barcha sa`y-harakatlar ko'rilmoqda», - deya ma`lum qilgandi kuni kecha o'z lavozimini tark etgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi sobiq rahbari Azim Axmedxo'jayev.

Azim Axmedxo'jayev endi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha kurator bo'lgan.

Shu bilan birga, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan ma`lum qilishlaricha, «O'zbektelekom»dagi o'zgarishlar Axmedxo'jayevning vazirlikdan ketishi bilan umuman aloqador emas.

«Bu umuman bog'liq emas. Raqamli iqtisodiyot va blokcheynni rivojlantirish kerak bo'lgani uchun o'tkazishdi. Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ushbu sohada vakolatli organ hisoblanadi. Bu haqdagi farmon 3 iyuldayoq bo'lgan, yakunda - bir oy mobaynida deyarli hech narsa qilinmadi. Hatto bu blok [raqamli iqtisodiyot va blokcheynni rivojlantirish bo'yicha] ochilmadi. Hozir bu bilan shug'ullana boshlashdi va rahbar kerak edi», - deya ta`kidlab o'tgan manba.

Davlat rahbarining farmoniga ko'ra, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi blokcheyn joriy etiladigan faoliyat yo'nalishlarini aniqlaydi. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va blokcheynni joriy etishni nazarda tutuvchi me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihasi agentlik tomonidan majburiy ekspertizadan o'tkazilishi kerak.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2018-2020 yillarda kriptoaktivlar aylanmasi sohasida faoliyatni joriy etish va rivojlantirishni o'z ichiga oladigan blokcheynni rivojlantirish bo'yicha dasturni ishlab chiqish hamda amalga oshirish vazifasi yuklandi.

Яндекс.Метрика