Madridning "Real" klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu egizak farzandli bo'ldi. Egizaklar – Matteo ismli o'g'il va Yeva ismli qiz 8 iyunda tug'ilishgan. Bu haqda Portugaliyaning SIC telekanaliga iqtibos keltirgan holda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
Mashhur futbolchi ikkinchi bor ota bo'lmoqda, uning 6 yoshli Kichik Krishtianu Ronaldu ismli o'g'li bor. Ronalduning egizak farzandlari ham birinchi farzandi kabi surrogat onadan dunyoga keldilar.
Egizaklar tug'ilgani haqidagi ma`lumot Ronalduning o'zi tomondan ham, uning vakillari tomondan ham rasman tasdiqlanmadi.
Mart oyida AQShda yashovchi surrogat ona homiladorlikning so'nggi oylarida ekanligi va yaqin orada futbolchi uchun egizaklar tug'ib berishi ma`lum qilingandi. Futbolchiga yaqin manba egizaklar tug'ilgach Ronalduning Madrid yaqinidagi villasiga olib kelinishlarini ma`lum qilgandi.