У нас есть только
оригинальные песни

«Buyuk Kelajak» ekspertlari Prezident virtual qabulxonasini yangicha tizimga aylantirish taklifini berishdi

calendar 29.07.2018
693

Toshkent xalqaro Vestminster universitetida Innovatsion rivojlanish vazirligi va «Buyuk Kelajak» ekspertlarining o‘zaro hamkorlik platformasini shakllantirish mavzusiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Konferensiyada Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyati hamda AQSh, Yevropa, Yaponiya va Rossiyada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik olimlar va turli soha ekspertlari ishtirok etishdi. «Buyuk Kelajak» ekspertlarining ayrimlari tadbirda bevosita ishtirok etgan bo‘lsalar, boshqalari video-konferensiya orqali qatnashdilar.

Konferensiya ishtirokchilari ko‘plab masalalarni muhokama qilib, fikr almashdilar, jumladan, turli sohalarga doir aniq takliflar, istaklar bildirdilar. Jumladan, ekspertlar yurtimizdagi hukumat virtual qabulxonalari, portallarini faqat murojaat va shikoyatlarni qabul qiluvchi platforma emas, balki tushayotgan savollar javobni ham aks ettiruvchi axborot tizimiga aylantirish vaqti kelganini aytishdi. Shunda ma’lum muammo bilan murojaat qilishni istagan fuqaro xuddi shu masala bo‘yicha oldinroq murojaat qilgan fuqaroga berilgan javob bilan tanishib, o‘zini qiynayotgan masalaga oydinlik kiritib olishi, portal fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiluvchi manbaga aylanishi mumkinligi ta’kidlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari, o‘z navbatida, bugungi kunda ilm-fanga e’tibor kuchayganini, tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish masalasi dolzarb ekanligini inobatga olgan holda ilmiy-tekshirish muassasalari xodimlarini marketing asoslariga o‘rgatish zarurligi haqida gapirishdi.

Ilm-fan natijalarini bozorga olib chiqish, uni xaridorini topish anchayin mushkul ekani, ayrim hollarda esa ularni umuman sotish imkoniyati yo‘qligi bois, endi ilmiy ishlanmalarni muayyan buyurtmachilarning takliflariga binoan yaratish tizimini ishga tushirish lozimligi qayd etildi. Bunda olimlar, tadqiqotchilardan marketolog bo‘lish ham talab etiladi. Aynan olimlarni shu sohada bilimga ega bo‘lishlari uchun xorijlik ekspertlarni jalb qilish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan o‘tkazilgan ilk konferensiya unumli, sermahsul bo‘ldi. Muhimi, innovatsion rivojlanish vazirligi va «Buyuk Kelajak» ekspertlari o‘rtasida hamkorlik platformasi yaratildi, hamkorlikning reja va maqsadlari belgilandi.

Яндекс.Метрика