Ta’kidlanishicha, qotillik kecha, 2-oktabr kuni sodir bo‘lgan.
G‘ijduvon tumanining “Bobur” mahallasi, Gulobod ko‘chasida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan H.N. onasi M.O. bilan o‘zaro kelishmovchilikka borgan. Kelishmovchilik janjalga aylangan. Oqibatda jahl otiga mingan o‘g‘il oshxona pichog‘ini onasiga ikki marotaba urib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan.
Mazkur qotillik muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z olgan mahalla vakili Lobar Sharipova ushbu oilada besh nafar farzand bo‘lib, qotil o‘g‘il uchinchi farzand ekanligini aytmoqda.
“Qotillik sodir bo‘lishidan chamasi yigirma kun ilgari marhuma tuman obodonlashtirish bo‘limida faoliyat yuritib kelayotgan turmush o‘rtog‘i H.H. bilan ham janjallashgan bo‘lgan. Eri hovlidan chiqib ketgan. Aybdor o‘g‘il esa mahallamizdagi eng yaxshi payvandlovchilardan edi. Og‘ir va vazmin bola. Otasi ham, o‘zi ham hech qachon birov bilan kelishmovchilikka yoki janjalga bormagan. Aqlli, esli va hushli, mehnatkash yigit edi”, — deydi Lobar Sharipova.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Viloyat IIB mutasaddi rahbarlari hamda tuman hokimi, qator mas’ullar, mahalla mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jinoyat tafsilotlari muhokama qilindi. Jinoyatning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi. Shuningdek, muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida sektor rahbari, mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori hamda boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi”, — dedi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.