Onalar uchun bolasini o‘z vaqtida uxlatishdan mashaqqatliroq ish bo‘lmasa kerak. Soat millari tun qa’riga yorib boryapti — bola esa uxlashni xayoliga ham keltirmaydi. Nima qilish kerak? Buning chorasi bor, yana bir nechta, «Liverpoolecho» maslahatlariga quloq tutamiz.
Suzish
Shuni yodda tuting, kun bo‘yi jismoniy faol bo‘lgan bola kechga borib tez uxlab qoladi. Masalan, suzish. Bola ham kunni quvnoq o‘tkazadi, ham chiniqib, toliqadi (yaxshi ma’noda, albatta).
Toza havoda sayr
Bola uchun (kattalar uchun ham) toza havodan yaxshiroq nima bo‘lishi mumkin? Albatta, kechki sayrda bolangiz bilan bir oz andarmon bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi, bahonada o‘zingiz ham ortiqcha kaloriyadan qutulasiz.
Aravacha kerak emas
Albatta, bolani qo‘lda ko‘tarib yurish bilan aravachada olib yurishning farqi katta. Biroq bola oyog‘ining chigilini yozib turganiyaxshi — shundoq ham kun bo‘yi «uy qamog‘i»da bo‘lsa. Eng muhimi, yurgan bola tez uyquga ketadi.
O‘yinlar tinchlantiradi
Bolangizga boshqa bolalar bilan o‘ynashi uchun sharoit qilib bering. Bola katta bo‘lgani sayin boshqa bolalar davrasiga intilaverishi tabiiy jarayon: ko‘radi, o‘rganadi, muloqot qiladi.
Uydagi diskoteka
Kechga borib ham tetikligini yo‘qotmagan bolani «charchatish»ning yagona yo‘li — raqs. Ishoning, sakrash, irg‘ishlayverish oxir-oqibat bolaning tez uxlab qolishiga olib keladi.
Issiq vanna
Issiq suvga kirganida odam yengillik his qiladi. Bolalarni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Kechki issiq vanna bolaning tinch va xotirjam uxlashini 100 foiz kafolatlaydi.
Ertak ayting
Aytib o‘tilgan usullarning eng ishonchli va sinovdan o‘tgani. Bolangizni joyiga yotqizib ertak ayting yoki kitob o‘qib bering.