Marhum va mashhur san’atkor Oxunjon Madaliyev xonadonida
Oltiariq tumanining so‘lim go‘shalariga maftun bo‘lib borar ekanmiz, mashina yeldek uchib ketayotgan yo‘llarga qarab hamrohimiz – tadbirkor Abduxalil aka Mamatov izoh bera boshladi:
– Mana shu ko‘chani Oxunjon Madaliyev asfalt qildirgan!.. Ko‘prikni ko‘ryapsizmi? Buni ham rahmatli Oxunjon qurdirgan!.. Anovi «Otalar choyxonasi»da dam olayotgan keksalar hamisha uning ruhi pokiga tilovat qilishadi. Chunki bu choyxonani ham Oxunjon qurdirgan!.. Bu tomonga qarang, singlim, qishloqqa ko‘rk bag‘ishlab, mevalari qishloq ahliga rizqu nasiba ulashayotgan bu bog‘ni ko‘ring! Boqqa kirgan har bir kishi uning turfa xil mevalaridan, jannatmonand go‘zalligidan zavqlanib, bahri-dili ochiladi. Keksa bir otaxon bilan suhbatlashganimda: «Oxunjon 37 yil umr ko‘rdi, ammo 100 yil yashagan inson qila olmagan savobli ishlarni qilib ketdi», degan edi.
…«Bunyodkor MFY, Oxunjon Madaliyev ko‘chasi, 55» deb yozilgan oppoq rangli xonadonning ochiq darvozasidan ovoz berar ekanmiz, o‘zbek xalqining buyukligidan, uning faqat insonlarga yaxshilik ulashib yashaguvchi farzandlari ikki dunyo saodatiga musharrafligidan qalbimiz ishonchga, faxr-iftixorga limmo-lim edi. Ichkaridan istarasi issiqqina ayol – Habibaxon opa Madaliyeva chiqib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib so‘rashdi, uyga taklif qildi. Keng va katta hovlining gir aylana solingan to‘rt tomonidagi uylar oq rangda. Go‘yoki xonadon egasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, «Shuhrat» medali sohibi, bu qishloqdagi, ta’bir joiz bo‘lsa, Oltiariqdagi har bir kishining saxovatli qahramoniga aylangan Oxunjon Madaliyevning qalbi yanglig‘ toza, keng va oppoq.
– Habibaxon opa, turmush o‘rtog‘ingiz, el suygan xonanda Oxunjon Madaliyev hayotni qanday ranglarda ko‘rar edi?
– U kishi uchun dunyoning o‘zi – undagi barcha narsa faqat oppoq ranglardan iborat edi. Men u kishining qabihlik yoki yomon niyatli kishilar haqida gapirganini eshitmaganman. Juda oqko‘ngil inson edi.
– Eshitishimcha, ilk tanishuvlaringiz kasalxonada bo‘lgan ekan. Talabaligida paxta yig‘im-terimi mavsumi pallasida sog‘ligida muammo bo‘lib, kasalxonaga yotgan va sizni o‘sha yerda uchratgan, deyishadi.
– Sal boshqacharoq... Men Bekoboddagi tibbiyot texnikumini tugatib, Oltiariq tuman kasalxonasi kardiologiya bo‘limida hamshira bo‘lib ishlar edim. Hamkasbimning to‘yida Jumagul ismli qiz bilan tanishib, dugona bo‘lib qolgandik. U ham tibbiyot hamshirasi edi. Keyin eshitishimcha, Jumagul bularning qarindoshi ekan. Onam Jumagulga «Bironta do‘xtir qiz top, Oxunjonga oberaman», degan ekanlar. Jumagul men haqimda aytib, rasmimni ko‘rsatibdi. Oxun akaning doirachisi Shuhrat Ahmedovning ayoli ham bizning «Polosan» qishlog‘imizdan. Shular orqali men haqimda ma’lumot to‘plaganlar. Bir kuni ishdan chiqishimda transportda ortimdan kelib, qaysi xonadonga kirib ketganimni bilib, so‘rab-surishtirganlar.
Odatdagiday ertalab navbatchilikni topshirayotsam, kimdir meni chaqirayotganini aytishdi. Chiqsam, tanish chehrali odam yo‘q. «Meni kim so‘radi?» desam, «Men», dedi kulib turgan yigit. «Men sizni tanimayman», desam, «Men sizni taniyman, tanishaylik, gaplashaylik», dedilar. «Yo‘q, tanimagan odam bilan nimani gaplashaman?» deb darrov kirib ketganman.
Shundan bir oz vaqt o‘tgach, bo‘limimizga davolanish uchun yotgan ekan. Navbatchilikda o‘tirsam, salom berib o‘tyapti. Qarasam, o‘sha, bir oy ilgari meni chaqirtirgan yigit. Boshqa bemorlar qatori ularga ham yaxshi muomala qilib, hamshiralik vazifamni bajarib yuraverdim.
– U kishini birinchi ko‘rganingizda nimalarni his qilgansiz?
– Tarbiyali, odobli, gap-so‘zlari ham o‘rnida, o‘ziyam... muomalalariyam chiroyli yigit... Tanimaganim uchun gaplashmasdan ichkariga kirib ketganman o‘shanda.
– Darhol kirib ketdingizmi?
– Iya, ha! U paytda sharm-hayo juda kuchli edi. Qizlar birov bilan gaplashmas edi. Nozikkina, sochlari uzun, juda tortinchoq qiz edim. U kishi o‘sha paytda Farg‘ona davlat pedagogika institutida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha 4-kursda tahsil olar, audiokasetalari chiqqan, Farg‘onada yoshlar orasida ancha tanilib qolgan ekanu, men bilmas ekanman. Uni ko‘rgan qizlar: «Voy, Oxun, Oxun, kimning oldiga kepti Oxun?» – deb qiy-chuv qilishgan. Men indamaganman. Keyin kuzda Ra’noxon o‘rtog‘imning to‘yi bo‘lgan. Kelinni tushirib borganmiz. To‘yda o‘tirsak, shu yigit artist bo‘lib kelibdi, qo‘shiq aytyapti.
– Sizni ko‘rdimi?
– Ko‘rdi. To‘yning boshdan oxirigacha menga qarab kulib, qo‘shiq aytsa deng... Uyalganimdan bittayam qo‘shig‘i esimda qolmagan... Shu kuzdan to qishgacha uyga rosa ko‘p sovchi jo‘natgan.
– Uydagilaringiz artistga qiz bermaymiz, deyishmaganmi?
– Opoqim (dadamning otalari) diniy bilimlarni chuqur egallagan, katta domla, mahsido‘z usta edi. Qishloqlarimiz orasida 16-17 kilometrlik masofa bor edi. Opoqim o‘g‘lingizning kasbi-kori nima, desa, onam (qaynonam) faxr bilan: «Artis, bolam, artis!» degan ekan. Pedagogika institutini tugatyapti desa-ku, olam guliston. Buni eshitgan opoqim artistning ayoli ko‘p bo‘ladi, yo‘q, bermaymiz, buning ustiga chekka qishloqdan ekansizlar, deb rad javobini bergan. Ammo uydagilari tinimsiz sovchilikka qatnayverishgan. Ota-onasi «berishmaydi baribir, bormaymiz endi», deyishsa, Oxun aka «Boshqasini olmayman», degan ekan. Oxiri mendan so‘rashgan. Men ishxonamga izlab borganiyu, uyimgacha ortimdan kelib, mahalladan surishtirganligi, o‘qimishli yigit ekanligini aytganman. Shundan keyin opoqim rozilik berib, to‘yimiz bo‘lgan. Ular oilada 5 nafar farzand bo‘lib, eng kichigi Oxun akam bo‘lgan. Bizning oilamizda esa 7 nafar farzand edik, shularning kattasi men edim.
– Turmush o‘rtog‘ingizning oilasida kimdir san’atkor bo‘lganmi?
– Yo‘q, oilada hech kimning san’atga daxldorligi bo‘lmagan. Ammo onam Oxun akamga homiladorligida Komiljon Otaniyozov, Olmaxon Hayitova, Bobomurod Hamdamovlarning qo‘shiq aytganini televizorda ko‘rib yoki radioda eshitib qolsalar, «Shu xonandalarning qo‘shig‘ini eshitish uchun ularning eshigini supurib, qozonini yuvib yurishga rozi edim», derkanlar. Shu darajada qo‘shiqlarini sevib tinglagan ekanlar. Oxun akam onalari 42 yoshda paytida tug‘ilgan. Endi o‘ylayman, ayolning aqli yetuk, yoshi kattaligida farzand ko‘rsa, bolasi ham aqlli bo‘lishi, buning ustiga homiladorligida nimalarga qiziqsa, o‘shalar, albatta, farzandiga o‘tishi bor gap ekan-da.
– Hofiz ko‘pgina qo‘shiqlarida onasiga murojaat qiladi. U kishining onasiga munosabati qanday edi?
– Men umrim davomida onasini u insondek hurmat qiladigan o‘g‘ilni ko‘rmadim. Onasini shunchalar yaxshi ko‘rardiki, agar samolyotdan yoki poyezddan qolib ketayotgan bo‘lsa ham onamning duosini olmasdan ketmas edi. Ketayotganida bir gapni aytardi: «Onamga yaxshi qarang! Ovqatning oldini u kishiga bering!» Xizmat safaridan qaytayotganlarida birinchi bo‘lib onamni ko‘rib, keyin bizning, bolalarning oldiga kelardilar. Nimadir opkelsalar, ikkita bo‘lardi: mana bu onamga, bunisi sizlarga. Biron marta onamning yuziga tik qaraganlarini ko‘rmaganman. Onam nima desalar, hamisha qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, xo‘p bo‘ladi, derdi. Nima yegisi kelsa, shuni topib berib, keyin ishiga ketardi. Cho‘ntagida pul bilan kelsa, onamning qo‘llariga bermasdi, yo yostig‘ining yoki ko‘rpachasining tagiga qo‘yardi.
– Turmush o‘rtog‘ingizning qanday xislatlarini yaxshi ko‘rar edingiz?
– Hamma xislatlari yoqardi. Rostgo‘y edi, hecham yolg‘on gapirmagan. Hammamizga mehribon, bolajon, onamizni boshida ko‘tarardi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Dam olish maskanlariga borishmasdi u paytlarda. Ammo bu kishi onamizni «Qayerga borasiz, dugonalaringiz bilan borasizmi, qo‘shnilaringiz, mahalladagilar bilanmi yoki qizlaringiz bilanmi?» deb, hammalarini avtobusda salqin joylarga olib borib, sharoitini qilib berib kelardilar. Opa-singillari, mahalladagilar, qarindoshlarga ham mehrli, kim kasal bo‘lsa Andijon, Farg‘ona yoki Toshkentga olib borish kerakmi, o‘sha kasalxonaga olib borib davolatardi.
Ehson qilishni juda yaxshi ko‘rardi. O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin, derdi. Tumanimizdagi katta masjidning imomiga bir vagon yog‘och olib borib, masjid qurilishiga ishlating, bir sizu bir men bildim, hech kimga aytmang deganlarini vafotidan keyin aytishdi. Dadam (qaynotam demoqchi) olamdan o‘tgach, ularning do‘st-yorlariga ehson qilishni, duolarini olishni yaxshi ko‘rardilar. Otasining do‘stlarini qadrlash savob ekanligini tez-tez aytib turardilar.
– Hofizga bunday saxovatpeshalik, saxiylik kimdan o‘tgan? Otasiga tortganmi yoki onasigami?
– Otam uy ustasi bo‘lib, to‘ylarda osh ham pishirganlar. Xizmat haqiga osh, go‘sht berishar ekan. Uni opkelgach, onam mahalladagi qo‘ni-qo‘shnilarni chaqirib, yedirar ekanlar. Onam juda mehmondo‘st, xushchaqchaq, dilbar, bolajon ayol edilar. Har ikkalasi ham qo‘llari ochiq insonlar edi.
– Sizga har kungi mehmondorchiliklar malol kelmasmidi?
– Aslo. Katta o‘choqlarda, katta qozonlarda ovqat qilardik, bir uy bolajonlarga suzib berib, keyin o‘zimiz yerdik. Qo‘ni-qo‘shni, Oxun akamni to‘yga aytgani kelganlar, keldi-ketdi, ishqilib hamisha uy to‘la odam edi.
Men tinch, sokin oiladan hech qachon darvozasi bekilmaydigan oilaga kelin bo‘lib tushganman. Ovqatim bemaza bo‘lib qolsa, shirin bo‘pti, deb yeyishardi. Non yopsam, hammasi bo‘lak-bo‘lak bo‘lib chiqardi, lekin ota-onam baribir nonni bo‘lib yerdik, tayyor bo‘lingan ekan o‘zi, deb maqtab-maqtab yeyishardi. Keyinchalik sekin-sekin uy ishlariga o‘rganganman.
– Turmush qurayotganingizda bir kun kelib Oxunjon Madaliyevning mashhur xonanda bo‘lib ketishi mumkinligi haqida o‘ylaganmisiz?
– Yo‘q, xayolimga ham keltirmaganman. Oddiygina qo‘shiq aytadi, deb o‘ylaganman. Institutni tugatgach, ancha uzoqda joylashgan 26-maktabga yo‘llanma berishgan. Ikkita avtobusga chiqib, ishga qatnardi. Keyinchalik hunar-texnika bilim yurtida, bir oz muddat Farg‘ona davlat filarmoniyasida ishladi. Men 4 nafar bola bilan ovora bo‘lib borolmas, u kishining borish-kelishda mening uyimga kirib, qaynona-qaynotalaridan xabar olganlariga xursand bo‘lardim. Ishqilib, keyinchalik opoqim nevara kuyovlaridan xursand bo‘lganlar.
– Hofizning ijodxonasi shu yerdamidi?
– Kamdan-kam hollarda uyda, ko‘pincha Farg‘onada, doirachisi Anvarjonning uyida ijod qilishardi. Faqat har yili ro‘za paytida kun bo‘yi ro‘za og‘zi bilan repititsiya qilib, iftorlikka yetib kelardi. Ba’zi-ba’zida uyda ijod qilardi.
– Shunday paytlarda bolalar xalaqit qilsa, jahli chiqmasmidi?
– Yo‘q. Qilichbek yoniga kirib, tinglab, tomosha qilib, bir chekkada o‘tirardi. Bolalarimiz ham sho‘x bo‘lishmagan. U kishining ham bolalardan jahli chiqqanini ko‘rmaganman. Tongga yaqin kelsalar ham hammasining yoniga kirib, olib kelgan shirinliklarini yonlariga qo‘yib chiqardilar. Biram shirin uxlab yotishibdi, o‘pib-o‘pib chiqdim, ular uyg‘onganida men yo uxlab yotgan, yo ketgan bo‘laman, derdi.
– Oxunjon Madaliyev haqida ustozlarining xotiralarini o‘qidim. Iste’dodli, beozor, beg‘ubor, odobli, andishali va go‘zal hayoli inson bo‘lgani, hech qachon ustozining ko‘ziga tik boqmagani, hamisha qo‘li ko‘ksida bo‘lib, yerga qarab turganini aytishdi. Xonanda uyda o‘zini qanday tutardi?
– Uyda noto‘g‘ri ish qilsak ham ovozini ko‘tarmagan. Biron xatomizni ko‘rsa, sekingina, chiroyli qilib tushuntirib qo‘yardi. Mashinada ketayotsak, yo‘lda mahalladoshlarini ko‘rib qolsa, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berib o‘tardi. Keksa otaxonlarni ko‘rsa, albatta, mashinadan tushib, so‘rashib ketardi. Xayr-saxovat qilishni yaxshi ko‘rardi. Bir gal onam, ya’ni ularning qaynonalari uzum mo‘l bo‘ldi-yu, isrof bo‘lyapti, sotolmayapmiz, deganlarida ertasigayoq kimlardir kelib terib, onamga pulini berib opketishgan ekan. Keyin bilsam, Oxun akam pulini o‘zlari berib, uzumlarni «Mehribonlik uyi»ga jo‘natgan ekan.
Toshkentga borib, masjidlarning hujjatlarini rasmiylashtirib kelganlar, mahallamizga suv, gaz keltirishganini haligacha eslashadi. Kimdir yordam so‘rab kelsa, quruq qaytarmasdilar va bizga ham shuni tayinlardilar. Nogiron bolalarga ko‘p yordam berar ekanlarki, mana, olamdan o‘tganlariga 22 yil bo‘lgan bo‘lsa ham Farg‘ona, Namangan, Andijondan tavallud va o‘tgan kunlarida qiynalib, nogironlik aravalarida bo‘lsa ham kelishadi, ziyorat qilib ketishadi, xotira konsertlariga borishadi.
– Hofizning oilasi, farzandlari bilan bemalol o‘tirgan vaqtlari bo‘lganmi?
– Yo‘q, deyarli bo‘lmasdi. Hazillashib, biz ham navbatga yozilsak bo‘larkan, derdik. Mabodo vaqtlari bo‘lsa onamni, akamni opkelardilar va katta davra bo‘lib o‘tirardik.
– Sog‘lig‘ida muammo bo‘lib, issig‘i chiqib turganida ham va’da qilingan xizmatiga ketgan ekan. Shu rostmi?
– Ha, xalq kutib turibdi, bormasam noto‘g‘ri tushunishadi, derdi. Ukollarini qilib, tomog‘ini artib, dorilarini berib yuborardim. Yonida bir shifokorni olib ketardi.
– She’r tanlaganda qaysi ijodkorlarning ijodiga ko‘proq murojaat qilar edi?
– U kishi shoir tanlamasdi, she’r tanlardi. Chuqur ma’noli, mazmunli, odamning yuragiga yetib boradigan she’rlarni, kitoblarni, gazetalarni yig‘ib yurardi va shularga kuy bastalardi.
– Hofiz «Unutmoq osonmas bizlarni», «Ketaman» kabi mahzun qo‘shiqlarni ko‘p aytgan. Sababini so‘ramaganmisiz?
– Yo‘q, odamlarning diliga yetib boruvchi qo‘shiqlarni aytardi, menimcha. Har bir odamning dardini his qilardi. Alloh sevgan bandasining ko‘ngliga solar ekan-da.
Yeganin osh demang yolg‘iz ayolning,
Shayton tovog‘iga qo‘lin soladi.
Dasturxon boshida dadasin qo‘msab
Yo o‘g‘li, yo qizi yig‘lab qoladi –
deya boshlanuvchi «Yolg‘iz ayol» qo‘shig‘ini aytganida yuragim g‘alati bo‘lib ketdi, norozilik bildirganday bo‘ldim. Shunda u kishi: «Yolg‘iz ayollar ham ko‘p ekan, qo‘shiqni eshitib yig‘laganlar ko‘p bo‘ldi, aytishimni talab qilishyapti», deb o‘zlarini oqlaganday bo‘lgan edi. Ammo bunday ayriliq bizning ham boshimizga tushishini kim bilibdi deysiz?
Farzandlari, qo‘shiqlari va qalbidagi mehr-oqibat u kishining haqiqiy boyligi edi. Farzandlariga shu qadar e’tiborli ediki, safardan kelgach, har biri bilan alohida suhbatlashar, safarining har bir kuni haqida gapirib berar, bolalarining kuni qanday o‘tganini bir-bir so‘rab olardi.
– Orangizda tushunmovchilik bo‘lib, arazlashgan vaqtlaringiz bo‘lganmi?
– Yo‘q, arazlashishga vaqtimiz bo‘lmagan. Goho oylab xizmat safarlarida bo‘lardi. Onam «o‘n kundan ko‘p yurmagin, bolam, bolalaring, oilang sog‘inadi, men sog‘inaman seni», derdilar. U kishining uyga kelishi biz uchun bayram bo‘lib ketardi.
– Oylab safarlarda yurganida, albatta, raqqosalar bilan birga faoliyat olib borishadi. Shunday vaqtlarda rashkingiz kelmasmidi?
– Rashk qilardim, albatta. Ammo u kishi, seni o‘nta raqqosaga almashmayman, deb yaxshi gapirsalar, ishonardim. Keyinchalik bolalar bilan ovora bo‘lib qoldim.
– Respublikaning turli viloyatlaridan keksayu yoshlar xonadonidagi yaxshi kunlariga taklif qilib kelishardi, dedingiz. Shunday vaqtlarda turmush o‘rtog‘ingiz sizni qizg‘anib, muammo chiqarmasmidi?
– Yo‘q, uyda kattalar, yaqinlarimiz ko‘pchilik edi-da. Shuning uchun ko‘ngillari xotirjam bo‘lardi. Ammo chiroyli kiyinsam, o‘zimga oro bersam qizg‘anardi. Busiz iloj yo‘q-ku. Ammo doimo bir-birimizni sog‘inib yashagandan keyin bu narsalarga o‘rin qolmasdi. Ular el xizmatida, men bolalarim, ota-onam xizmatida bo‘lardim.
– Meni qaynona-qaynotangizni ota-onam deb atashingiz ajablantiryapti.
– Men ularni boshqacha atay olmayman, qaynona-qaynotam, qayinopam degan atamalar men uchun begona. Bu insonlar men uchun juda aziz. To‘yimdan keyinoq bu xonadondagi hammani yaxshi ko‘rib qolganman. Yangi kelinligimda o‘z uyimga borsam ham darrov bu yoqqa qaytgim kelardi.
– San’atkorning ayoli bo‘lish osonmi?
– Ko‘chaga chiqsang, bozorlarga borsang, ba’zi xonadonlarda, sahnalarda qo‘shiqlarini eshitib faxrlanasan, kishi, taqdirlanganida quvonching ichingga sig‘maydi. Xursandchiligiga sherik bo‘lasan. Bu tomonlari judayam yaxshi. Ammo ko‘pincha jufti haloling oila davrasida, farzandlaring yonida birga bo‘lmaydi. Bexavotir, bemalol yashay olmaysan. Hamisha sog‘inib yashaysan. Bunday hayotga ko‘nib yashash oson emas.
Bir kuni bir san’atkorning onasi: «Habibaxon, siz juda sabrlisiz. Kelinim o‘g‘lim xizmatdan kelishi bilan ko‘ylagini hidlaydi, bu kimning atirining hidi, deb har kuni janjal qiladi, onasinikiga ketib qolaveradi. Sizning biron marta janjallashib ketganingizni eshitmadik», dedi. To‘g‘ri, bir marta ham ketib qolmaganman. Ammo... san’atkorning xotini bo‘lish oson emas. Ayniqsa, mashhurlarning ayoli bo‘lish. Hamisha, hamma yerda ko‘pchilik e’tiborida bo‘lasan, farzandlaringga ham to‘g‘ri tarbiya berishing kerak. Onam bolalarimni quchog‘iga olib o‘tirardilar, «Birinchi navbatda Oxunjon bolamning hamma yumushlarini bajarib, chiroyli kiyintirib, kuzatib qo‘ying. Keyin bolalarga, boshqa ishlarga qaraysiz», derdilar. San’atkorning ayoli sabrli, judayam sabrli bo‘lishi kerak!
– Oddiy Oxunjonning ayoli bo‘lish yaxshimi yoki mashhur Oxunjonning rafiqasi bo‘lishmi?
– Mashhurlik hammaga nasib qilmaydi. Lekin bu kishi mashhur bo‘lsa ham aslida oddiy inson edilar. Shuning uchun hanuzgacha hovlimizdan odam arimaydi. Unutishmagan, unutishmaydi ham.
– Yangi yaratgan qo‘shiqlarini birinchi kimga aytib berardi?
– Onamga aytib berardilar, biz ham birga eshitardik. Onam duo qilardilar. Hatto, to‘ylarga ketayotganlarida ham onam, bizgayam qo‘shiq aytib berib ketgin, desalar, hovlini aylanib yurib qo‘shiq aytardilar va «Onamning duosi meni asraydi» nomli qo‘shiqlarida:
Bir kuni go‘zallar qarg‘aydi meni,
Qarovsiz muhabbat uchun qarg‘aydi.
Men pinak buzmayman, hadik tortmayman,
Onamning duosi meni asraydi, –
deganlaridek, onamning duosini olib ketardi.
– Mahalladoshlariga munosabati qanday edi?
– Nafaqat mahalla, Oltiariqdan to‘yga aytishsa bas, bir so‘mini olmasdan to‘ylarini o‘tkazib berardi. Qo‘llaridan kelgancha yordamini ayamasdi.
– Farzandlariga hofizning qanday xislatlari o‘tgan?
– Bolalarimizda jufti halolimning og‘ir-bosiqligi, saxiyligini ko‘raman. Qilichbek va Sanjarbek o‘g‘illarim otasining yo‘lidan boryapti. Katta nevaram Bunyodbek san’at kollejining an’anaviy xonandalik yo‘nalishida o‘qiydi. Katta opamning o‘g‘li, jiyanimiz Nodirbek Xolboyev ham qo‘shiqchi bo‘lib, elga tanilyapti.
– Hayotdan olgan saboqlaringiz?
– Inson shukr va sabr bilan yashashi kerak. Og‘ir kunlarga ham, quvonchli kunlarga ham shukrona bilan yashashi kerak. Biz ozgina yashasak ham yaxshi, baxtli va hatto go‘zal yashadik. Xato qildim, degan afsuslarim yo‘q.
Ming asrda meni yaratdi hayot,
Meni so‘rab tog‘lar qator cho‘kdi tiz.
Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,
Axir men bittaman yagona yolg‘iz,
– deb kuylagan jufti halolim bugun o‘zidan 4 nafar solih va soliha farzandlar, nevaralar, ko‘plab shogirdlar, millionlab muxlislar qoldirdi.
Qizlarimizning biri hamshira, biri hisobchi. Ularning 2-3 nafardan farzandlari bor. Qilichbek bir o‘g‘il va bir qizning otasi bo‘lishi bilan birga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini bitirdi. Ovozi otasinikiga juda o‘xshaydi. Sanjarbek ham shu institutda tahsil olyapti. Har ikkalasining ham maqsadi – otasiga o‘xshab el duosini olish! Yetti nevaramiz unib-o‘sishyapti. Ular kim bo‘lishsa ham bobosi kabi elning rahmatini eshitib, duosini oluvchi odamlar bo‘lib yetishsin. Eng baxtli inson tani sabrga to‘lgan, boriga shukr qilgan insondir, deyishadi. Demak, men baxtliman...
Habibaxon opaning ko‘zlarida yosh aylanadi – balki bu faxr, iftixor jolasi, balki armon nolasi...
El suygan, xalqning ko‘ngil ardog‘idagi san’atkor Oxunjon Madaliyev xonadonidan chiqar ekanman, uning qo‘shiqlari qulog‘im ostida jaranglaydi:
Soyaman, ortingdan ergashgan,
Yostiqman, tunlari dardlashgan.
Tushingman, o‘ngingga almashgan,
Unutmoq osonmas bizlarni...
Har bir muxlisining qalbida go‘zal qo‘shiqlardan o‘ziga barhayot haykal o‘rnatgan hofizning umri boqiydir.
Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi
(«Adolat» gazetasidan)