Xitoyning eng yirik WeChat ijtimoiy tarmog'ida 2017 yilda “mish-mish” bo'lgan 500 mlnga yaqin xabar bloklab qo'yilgan. Bu haqda Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari huzuridagi Telekommunikatsiya tadqiqotlari akademiyasi hisobotida ma`lum qilindi.
“Hozirga kelib, mish-mishlarga qarshi kurashga 800 ta mutasaddi idoralar qo'shildi. Ular 500 mlndan ko'proq mish-mish xabarni aniqlab, bunday xabarlarning 40 ta ro'yxatini chop etishgan, 180 mingdan ko'proq rasmiy akkauntlarni jazolashgan”, deb aytilgan hisobotda.
Ta`kidlanishicha, 2017 yil dekabr oyi holatiga ko'ra, bir milliardga yaqin foydalanuvchisi bo'lgan WeChat’da “mish-mishlarni inkor etuvchi yordamchi” minidasturidan 19,7 mlndan ko'proq obunachi foydalangan. Dastur kuniga o'rtacha 300 ming marta ishga tushirilgan.
Xitoyda oxirgi yillarda milliy OAV va internet-kompaniyalarga internetda tarqatilayotgan axborotning sifatini sinchkov kuzatish buyurilgan bir qator me`yoriy va mafkurafiy hujjatlar qabul qilingan.
O'tgan haftada Xitoy rahbari Si Tszinpin kiberxavfsizlikni to'liq ta`minlamay turib, mamlakatda milliy xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlikni kafolatlab bo'lmasligini aytgan.