Xitoyning Xiaomi kompaniyasi O‘zbekistonda sotilayotgan smartfonlari ro‘yxatini 6,44 dyuymli, 1920×1080 o‘lchamli IPS LCD ekranga ega Mi Max fableti bilan to‘ldirdi. Bu hozirgi paytda hajmi bo‘yicha eng katta Xiaomi smartfoni.
Smartfon displeyi Gorilla Glass 4 shishasi bilan qoplangan. Gadjet Adreno 510 grafik tezlashtirgichi, 3 gigabayt tezkor va 64 gigabayt ichki xotirali 6-yadroli Qualcomm Snapdragon 650 protsessoriga ega. Quick Charge 3.0 tez quvvatlantirish xizmati va barmoq izlarini olish skaneri bilan jihozlangan.
Suratlar sifati uchun 16 megapikselli asosiy va 5 megapikselli frontal kameralar javob beradi. 4850 amper/soatli quvvatga ega akkumulyator 13 soat davomida onlayn-video ko‘rishga imkon beradi. Smartfon Android 6.0 Marshmallow’da ishlaydi.
Xiaomi Mi Max Toshkentda 2,2 million so‘mdan taklif etilmoqda.