Andijon viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda shahar, tuman IIBlari tomonidan o'tkazilayotgan "Tun" profilaktik tadbirlari davomida bir qator qonunbuzarliklar aniqlanmoqda. Bu haqda “Kun”ga Andijon viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mart oyida boshlangan tadbirlar natijasida shu kungacha 26 ta jinoyat aniqlanib, 17 ta jinoyatning oldi olindi. Shuningdek, 15 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, 10 ta mayda tashmachilik holatining oldi olindi. Bundan tashqari, 46 ta qimorxona hamda 12 ta boshqa qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Sutkaning soat 19:00dan 6:00 gacha olib borilayotgan “Tun” tadbirlari o'z samarasini berib, viloyatda jinoyatchilikning keskin kamayishiga erishilmoqda.
Xizmatoldi yo'riqnomalarida ichki ishlar xodimlari ham jamoatchilik yordamiga alohida e`tibor qaratmoqda. Tuman hokimliklari tomonidan transport vositalari ajratilib berilmoqda. Xilvat ko'chalar va ko'p qavatli uylar atrofi patrul postlar nazoratiga olingan.