Qo'shiqchi Timati Moskvada futbol klubi tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Black Star kompaniyasiga asl ismi sharifi Timur Yunusov bo'lgan Timati bilan birga hammuassisi hisoblanadigan Pavel Kuryanov ma`lum qilgan.
Uning aniqlik kiritishicha, bunda alohida futbol agentligi bo'lishi ham ko'zda tutilgan.
«Loyihaning birinchi yili uchun 10 million rubl sarflash rejalashtirilgan. Bu borada bizga Rossiya futbol ittifoqi litsenziyasiga ega bo'lgan mutaxassis ko'maklashadi.
Asosiy maqsadlarimizdan biri 3-5 yil ichida futbol jamoasiga asos solish. Uning nomi Black Star bo'ladimi, «Strogino»mi yoki shunchaki «Moskva», aniq to'xtamga kelmaganmiz. Biz ortiqcha urinish yoki harakatlarsiz jamoani g'arb prinsiplariga asosan shakllantirishni maqsad qilganmiz», deya Kuryanovning so'zlarini keltirgan TASS.
«Bizga eng muhimi kapitalizatsiya hamda qiziqarli futbol. Davlat pullarini o'zlashtirish yoki futbolchilarga belgilangan katta maoshlar ortidan «pul yuvish» kerak emas», — deya qo'shimcha qilgan u.
Jamoa o'z faoliyatini rasman qaysi mavsumdan boshlashi hozircha aniq emas.
RFI vitse-prezidenti Sergey Anoxin bu loyiha mamlakatda bolalar futboli taraqqiyoti uchun omil bo'lishini qayd etib o'tgan.