“O'zbeknavo”: Jonli kuylamaganga lisenziya yo'q
19.07.2015 2674
Bundan keyin qo'shiqni jonli ijro eta olmaydigan xonandalar "O'zbeknavo” estrada birlashmasidan lisenziya olmasligi mumkin. Bu haqda birlashma AKT va matbuot xizmati bosh mutaxassisi Azizbek Turdiev bayonot berdi.
"Yaqinda ma'naviyat kengashi darslariga kelmagan, biroz nopisand munosabatda bo'layotgan san'atkorlardan uch nafarining lisenziyasini muddatdan oldin amal qilishini to'xtatdik. 10 nafar san'atkorga qattiq ogohlantirish berdik.
– Bundan avval lisenziya diskda yozilgan qo'shiqlarni eshitib, ammo xonandaning o'zini ko'rmasdan turib berilavergan. Endi bunday tartiblarga chek qo'yiladi. Yangi tartibga ko'ra, qo'shiq aytish uchun ruxsatnoma olmoqchi bo'lgan kishi kelib birlashmaga murojaat qiladi. Komissiya a'zolariga qo'shiqni jonli aytib beradi. Ustozlar ijodidan jonli ijro qilib bergach, lisenziya olishi mumkin. Endilikda konsert taqdim etish uchun yiliga bir marta beriladigan lisenziya uchun ham alohida talab qo'yiladi: kamida 60 foiz jonli ijro qila olsagina, lisenziya beriladi. Endi 100 foiz fonogramma bilan muxlislarni aldashga yo'l qo'yilmaydi”.