LOLA: "MENI BUNDAY QIYOFADA HALI HECH KIM KO’RMAGAN"
11.01.2014 13734
LOLA: "MENI BUNDAY QUYOFADA HALI HECH KIM KO’RMAGAN"
23 yanvardan 26 yanvargacha Istiqlol san’at saroyida o’zbek estradasining yorqin vakilasi, latofatli Lola o’zining "KEL” deb nomlangan yangi konsert dasturini taqdim etayotgani barchaga ma’lum. Shu munosabat bilan Lola ommaviy axborot vositalari OAV xodimlarini bir joyga jamladi. Konsert oldidan bo’lib o’tgan matbuot anjumanida gazeta va jurnallar, internet tarmog’ida faoliyat yuritayotgan barcha jurnalistlar taklif etildi va ular o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishga muvofaq bo’lishdi. Matbuot anjumanida Lola bilan birga konsertning bosh direktori Sarvar Raxmatullaev, rejissyori Andrey Afrin, xoreograf Nariman Grigoryan va xonandaning ma’muri Lola Egamberdiyeva ham tashrif buyurdi. Konferensiya boshida rejissyor Andrey Afrin konsert haqida qisqacha ma’lumot berib o’tdi.
ANDREY AFRIN (KONSERT REJISSYORI ):
Konsert qiziqarli 4 ta blokdan iborat bo’lib, unda Lola umuman bir biriga o’xshamagan, o’zgacha va tasavvur qila olmaydigan darajadagi bir necha xil obrazda namoyon bo’ladi. Uni hali hech kim bunday ko’rinishda ko’rmagan. Shuningdek turli xil raqslarni ham taqdim etadi. Tomoshabinlar konsertni so’ngi daqiqalarigacha zerikmaydi. Senariyda jami 24 ta tarona o’rin olgan. Ulardan 12 tasi hali hech kim eshitmagan taronalar bo’lib , qolgan 12tasi muhlislar orasida mashhur bo’lgan hit taronalar.
Shundan so’ng Lola jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.
LOLA:
Yangi konsert dasturim avvalgilariga qaraganda ancha farq qiladi. U juda ko’p kutilmagan sovg’alarga boy bo’lib, bir qator yangiliklar ham o’rin egallagan. Konsert dasturini amalga oshirish uchun tajribali va profisional ijodiy guruh bilan birgalikda ishlayapmiz. Konsert xoreografi va pardozchisi xorijdan taklif qilingan. Ulardan biri xoreograf Narimon Grigoryan va Nizom Karimov bo’lib, Narimon Grigoryan raqs bo’yicha tajribali va profisional hisoblanadi. Nizom Karimov esa Rossiyaning mashhur "Todes” raqs jamoasining a’zosidir. Bu safar men tomoshabinlarni lol qoldirishga va’da beraman va buning uchun ijodiy jamoamiz bilan juda ko’p mehnat qilyapmiz.
Konsert dasturida ijro qilinadigan raqslarning asosiy qismini milliy raqslar egallashini ma’lum qilmoqchiman. Milliy tarona va raqslariga konsertning bir blogi ajratilgan va umid qilamanki, bu muhlislarga yoqadi.
Ushbu konsert dasturi haqida Lola sahna dekoratsiyasi haqida alohida to’xtalib o’tdi. Uning aytishiga qaraganda dekoratsiya ustida ko’p bosh qotirishgan va 218 metrlik ekran o’rnatishga qaror qilishgan.
LOLA:
- Konsertga tashrif buyurgan har bir tomoshabin ko’z o’ngida nafaqat honanda, balki inson sifatida ham namoyon bo’lishni istayman. Bu shouda ichki tuyg’ularim, hayotiy kechinmalarim va muhlislar o’rtasidagi masofa yaqinlashadi. Sababi, shaxsiy hayotim va kechinmalarim borasida juda ko’p savollar bo’lgan. O’ylaymanki, Konsert dasturimga tashrif buyurgan har bir inson o’zini qiziqtirgan savollariga javob topadi. Bu konsert dasturi qaysidir ma’noda "Dillashuv” bo’lishi ham mumkin.
Shuningdek Lola konsert dasturida nafaqat o’zbek tilida balki ingliz tilida ham qo’shiq kuylashini ma’lum qildi.
LOLA:
Men konsertimga tashrif buyurgan har bir insonni dam olib ketishini, biroz bo’lsa-da g’am tashvishlarini unutishini va madaniy hordiq chiqarishini istayman. Bu konsert dasturi men uchun juda ham qadrli ekanini aytib o’tmoqchiman. Sababi men bir xillikdan qochaman, tashqi ko’rinishim, tarona va kliplarimni turli yo’nalishlarda sinab ko’rishdan qo’rqmayman va turli ijodkorlar bilan ishlayman. Bugungi kunda Sarvar va Komil, jasur Abdurahmonov, Jasur badalboyev, Ravil, Robert va boshqa bir qator ijodkorlar bilan ish olib bormoqdaman.
Konsert dasturida Lola tomonidan yangi "Kel” deb nomlangan albom taqdimoti ham bo’lib o’tadi. Bu albomda konsertda ijro qilingan barcha taronalar joy olgan.
Matbuot anjumani jarayonida Lola va uning jamoasi barchani yana bir bor hayratlantirdi. Rejissyor Andrey Afrinning ta’kidlashicha Lola konsert dasturga samolyotda sahnaga chiqib kelar ekan.
LOLA:
Ushbu konsert dasturi bo’yicha barcha sirlarni oshkor qilmasak-da, lekin bu konsert juda ham qiziqarli bo’ladi. Albatta bunga muhlislar baho berishadi. Konsertga tayyorgarlik ko’rish jarayonida yangidan yangi g’oyalar tug’ilmoqda. Mehnatimiz samarali bo’ladi deb umid qilamiz.
Yuqoridagi savollardan tashqari uning bolaligi, farzandlari va o’tgan yil xotiralari haqida ham bir nechta savollar berildi. Ayniqsa farzandlari haqida juda to’lqinlanib gapirib o’tdi. Matbuot anjumanidan ko’rinib turibdiki, konsert haqiqatdan ham qiziqarli bo’lishi kutilmoqda. Lola so’zining ustidan qay darajada chiqishini faqatgina konsert dasturidan so’ng bilib olamiz.
Konsert Tarona records kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan.
Konsertning bosh direktori Sarvar Raxmatullaev
Ma’muri Lola Egamberdiyeva
Konsert rejissyori Andrey Afrin
Xoreograflar: Nozim Karimov va Narimon Grigoryan
Liboslar dizayneri Hilola Sher va Zulfiya Sulton
Sahna bezakchisi Bahodir Tangatarov
Mualif :Ruhshona