Lola Yo'ldosheva litsenziyasi tiklandimi?
08.09.2015 2998
Inson zoti borki xato qiladi. Xato qiluvchilarning eng yaxshisi esa
undan to'g'ri xulosa chiqarib, qayta takrorlamaslikka harakat
qiladiganlaridir. Ammo bir necha toifa insonlar borki, ular omma
e'tibori ostida bo'lganlari uchun ham xato-kamchiliklarga imkon qadar
yo'l qo'ymasliklari lozim. Xususan, axborot-kommunikatsiya
texnologiyalari jadal rivojlangan bugungi kunimizda mashhur
san'atkorlar, sportchi yoxud boshqa shaxslarning arzimas xatosi ham
katta shov-shuvlarga, tanqidu dashnomlarga sabab bo'laveradi. Ularning
"Axir biz ham oddiy insonmiz, bilib-bilmay xato qilishimiz mumkin”,
degan so'zlari jamiyat tomonidan bir ovozdan qabul qilinavermaydi.
Estrada
xonandasida Lola Yo'ldoshevaning ham keng omma ko'z o'ngida jamiyatimiz
ko'nikmagan qiyofada namoyon bo'lgani keskin tanqid ostiga olindi.
Uning sharqona mentalitet qon-qoniga singib ketgan muxlislar oldida
tanasining katta qismini ochgan holda chiqishi, uning ustiga, noloyiq
xatti-harakatlarni sodir etgani nafaqat oddiy odamlar, balki ko'pni
ko'rgan, hayotning og'ir-engil sinovlarida toblangan kishilar,
ziyolilarning ham e'tirozlariga sabab bo'ldi. Ish "O'zbeknavo” estrada
birlashmasi tomonidan uning qonuniy faoliyat olib borishini cheklovchi
qaror qabul qilinishi, ya'ni litsenziyasining tugatilishiga qadar borib
etdi.
Lola Yo'ldosheva o'zi mansub bo'lib turgan o'zbek jamiyatining
tartib-qoidalari, odob-axloq mezonlariga qarshi borgani uchun rasmiy
sahnalardan olib tashlanganidan so'ng o'z aybini tushunib etgan
ko'rinadi. Bir oz muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan uning gastrol
safarlarida tushgan suratlari, Mudofaa vazirligi tomonidan uning nomiga
bitilgan tashakkurnoma xonandaning o'z aybini yuvish uchun harakat
qilayotganidan darak beradi go'yo. Ayni shu maqsadda biz "O'zbeknavo”
estrada birlashmasiga murojaat qildik.
Litsenziya bo'limi boshlig'i Odiljon Abduqahhorovning ma'lum
qilishicha, Lola Yo'ldosheva estrada birlashmasiga ariza bilan murojaat
qilib, yo'l qo'ygan kamchiliklaridan pushaymon ekanini bildirgan. Shu
sababli ayni paytda xonanda yurtimizning turli chekkalarida tashkil
etilayotgan davlat kontsert dasturlarida ishtirok etib kelmoqda. Birgina
4 sentyabr kunining o'zida Lola Yo'ldosheva Samarqand viloyatidagi
beshta kontsert tadbirida ishtirok etgan (Mazkur tadbirlar to'g'risida
xonanda "Instagram” ijtimoiy tarmog'ida ham surat va xabarlar
qoldirgan).
— Keyingi hafta "O'zbeknavo” estrada birlashmasi maxsus
komissiyasining ichki yig'ilishi bo'lib o'tadi. Unda ariza bilan
murojaat qilgan Lola Yo'ldosheva bilan bir qatorda, Yagona va boshqa
san'atkorlarning murojaatlari ham ko'rib chiqiladi. Shundan so'ng ularga
litsenziya berish-bermaslik masalasi hal bo'ladi, —dedi O.
Abduqahhorov.
Instagram tarmog'ida bir necha kun avval Lola o'zining yangi qo'shig'ini 4-sentabr kuni FM 101 radio kanalida premera qilinishi haqidagi xabarni qoldirgan edi. Lekin no'malum sabbalarga ko'ra qo'shiq premerasi e'lon qilingan kun taqdim etilmadi va no'malum sanaga qoldirildi. Bu linsenziya muammolari bilan bog'liq bolishi mumkin. Shunchi lisenziyasi yo'q xonandalar radio va TV kanallarga qo'shiqlarini aylantira olishmaydi.