Nima uchun oxirgi vaqtlarda televideniye va media sohasida kam ko‘rinyapsiz?
Sababi yangi kliplar olinmayotgandi. Muxlislarni qiziqtira oladigan
loyihaning o‘zi yo‘q edi. Ochig‘i, yangi albom ustida uzoq vaqt ishladik
va u hozirda deyarli tayyor holga keldi. Mustaqillik bayrami arafasida
muxlislarimni yangi va qayta remiks qilib kuylangan qo‘shiqlar to‘plamim
bilan xursand qilish niyatidaman.
Loyihalardagi uzoq tanaffus nimaga taqaldi: mablag‘gami yoki yaxshi shoirlar yo‘qmi?
Bilasizmi, hozir kimga qanaqa? Masalan, kimdir she’r va musiqaga e’tibor
qilmasdan klip olib tashlamoqda. Hozirgi kunda bunday kliplar ko‘p.
Yaxshi mahsulotlar, g‘oyaning o‘zi yo‘qligi menga xalaqit qilayotgandi.
Biroq endi 1—2 ta qo‘shiqni tanlab, ularga klip olamiz va uni
televideniyega beramiz.
Yoshingiz o‘tgani sari saviyaga e’tibor beryapsizmi?
Albatta, bu yoshda ishingizga va ijodingizga boshqacha nazar bilan qarashni boshlaysiz.
Uzoq vaqt ko‘rinmay qolishingiz reytingingizga ta’sir qilmaydimi?
Reytingga ta’siri bor. Bir vaqtlar bizning reyting juda baland edi. Ammo
o‘sha vaqtda o‘zimni qanday tutgan bo‘lsam hozir ham o‘shandayman.
Pasayishdan keyin yana avvalgi darajaga qaytishingiz mumkinmi?
Muhimi bu emas, asosiysi muxlislar qalbidan joy olish.
Ijodingizda qanday yangiliklar bor va albomingiz qachon chiqadi?
Hozir 12 ta yangi qo‘shiq va 4 ta remiks yozdik. Bundan tashqari, yangi
guruh bilan ishlayapman. Xudo xohlasa, shu yili kichikroq zalda yakkaxon
konsert bermoqchiman. Yana to‘yga ham tayyorgarlik bor…
Yangi albomingizning qo‘shiqlari radioda berildimi?
Ha, 1—2 tasi berildi. Muxlislar yaxshi qabul qildi. Bu kabi qo‘shiqlar
yomon bo‘lishi mumkin emas. Men ilhom kelib qolgandagina yozaman.
Qaysi shoirlar va bastakorlar bilan ishlaysiz?
Men Bobur Bobomurod bilan ko‘p ishlardim. Yana o‘zim ham she’r yozib
turaman. To‘g‘ri, she’rlarni va musiqani professional shoir va
bastakorlar yozishi kerak, deyishadi. Lekin musiqa haqida gapirsak, men
hohlagan bastakor ishini ko‘rmadim. Bilasizmi, ba’zida muxlislarga
yoqqan qo‘shiqni professional bastakor yozmagan bo‘lishi ham mumkin.
Qo‘shiq tayyor bo‘lganida uni xit bo‘lishiga qanchalik ishonasiz?
Ba’zida o‘zimga yoqmagan, ko‘nglim jiz etmagan ashula atrofdagilarga
yoqishi mumkin. "Ne hayot” ashulamni yozganimda uning xit bo‘lishini
aniq bilganman. Undan oldin yozgan "Azizim” nomli qo‘shig‘imni xit
bo‘lishini uyimdagilar aytgan.
Hozirgi yoshlarni ijodini tinglaysizmi?
Harakat qilaman. Chunki ular qatorida mening ham shogirdlarim bor. Men
Botir Zokirov, Yulduz Usmonova va "Yalla” ansamblining retro
qo‘shiqlarini eshitaman. O‘zim bilan chiqqanlardan Dj Piligrim, Sevarani
aytishim mumkin.
Ijoddan tashqari nimalar bilan shug‘ullanasiz?
Sportning og‘ir atletika va krossfit turi bilan shug‘ullanaman. Kitob o‘qishga albatta vaqt topaman.
Sevgi-muhabbatdan boshqa mavzuda qo‘shiq aytib ham mashhur bo‘lish mumkinmi?
Albatta, misol uchun Sevara Nazarxonning "Ulug‘imsan, Vatanim”
qo‘shig‘ini hozirgacha maza qilib eshitaman. Ona to‘g‘risida, gul
to‘g‘risida kuylash mumkin. Mavzular ko‘p.
San’atda iqtidor birinchi o‘rindami yoki mablag‘?
Harakat. Mablag‘ingiz va iste’dodingiz bo‘lsa bu 30 foiz, qolgan 70
foizi esa harakatdir. O‘zbekistonda hozir har qanday sharoit bor. 2—3 ta
musiqiy kanal bor. To‘xtamay harakat qilinsa, muvaffaqiyatga erishsa
bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanasizmi? Ulardan qanday foyda bor?
Albatta, lekin men faqat Facebook’dan foydalanaman. "Odnoklassniki”,
Instagram va Twitter’da yo‘qman. Ijtimoiy tarmoqlardan shou-biznes
vakillari ko‘pincha reklama maqsadida foydalanmoqda.
Sizning www.karen.uz deb nomlangan saytingiz bor ekan. Nima uchun undagi yangiliklar 3 yildan beri yangilanmayapti?
O‘zi aslida bu ishga ma’murlar qarashi, jurnalistlarni ishga olishi,
xabarlarni yangilab turishi kerak. Hozir yangi ma’mur qidiryapmiz. Tez
orada saytni o‘zini ham zamonga moslab o‘zgartiramiz. Unga yangi
kliplarimizni joylashtiramiz. San’atkorlar uchun sayt kerak.
Kun tartibingiz qanday?
Ertalab turgach ishga boraman. Art-menejer bo‘lib ishlayman. Kunduzgi
soat 3 da ovoz yozish studiyasiga kelaman. Soat 6 gacha repetitsiya
qilamiz. Keyin esa sportzalga boraman. Haftaning har seshanba kuni meni
"Gorod” majmuasidan topishingiz mumkin.
"Tamannozi” ko‘rsatuvida boshlovchilik ham qilgan edingiz…
Qilgan edim… Hozir esa qilmayapman (kulib). Hozirgacha konsertlar va
to‘ylarda boshlovchilik qilib turaman. Televideniyeda 2 ta loyihada
chiqdim, kinolarga ham chaqirishdi.
Selfiga munosabatingiz qanday?
Biz tengi san’atkorlar suratlarni olib, Facebook va "Odnoklassniki”larga
qo‘yib tashlamoqda (kulib). Kimdir buni kasallik demoqda, lekin men bu
kasallikka shukrki chalinmadim. Menda fotosessiyalar ko‘p, jurnalistlar
bilan uchrashuvda yana suratga olishadi. Shuning uchun ham selfiga
muhtoj emasman.
Manba: daryo.uz