FIFAning rasmiy saytida tashkilotning axloq qo'mitasi tomonidan amaldagi prezident Yozef Blatter o'z lavozimidan 90 kunga chetlatilganidan keyin uning vazifasini kim bajarishi ma'lum qilindi.
Xabarda tasdiqlanishicha, shu vaqtgacha CAF rahbari sifatida ishlab kelgan Issa Hayot yaqin vaqt ichida FIFAning vaqtinchalik prezidenti vazifasini bajarishga kirishadi.
Shuningdek, Blatter kabi 90 kunga futbol faoliyatidan chetlatilgan FIFA bosh kotibi Jerom Valke o'rnini Markus Kattner egallaydi.
Ma'lumot uchun, kamerunlik 69 yoshli amaldor 1988 yildan buyon Afrika futol federatsiyasiga rahbarlik qilib kelmoqda. U o'z lavozimini saqlab qoladi. 2002 yilda u FIFA prezidentligi uchun kurashgan, ammo Blatterga imkoniyatni boy bergan edi.