Insonning
umri xotira bilan go'zal.
…Bahor oylari edi. O'quvchilik
paytlarimiz. Oxirgi qo'ng'iroq chalinishidan sal oldin o'qituvchimiz: «Darsdan
keyin shanbalik uyushtiramiz, kelinglar», deya e`lon qildilar. Kimdir supurgi,
kimdir ketmon olib, maktabga qaytib keldik. Yo'l chekkasidagi daraxtlar ostini
tozalab, ularni oqlash bizga tushdi. O'yin-kulgu bilan ishga kirishdik. Ish
tugashiga biroz qolganda to'satdan yomg'ir yog'ib berdi. Qiyqirishib yaqin
o'rtadagi hovlining darvozaxonasiga o'zimizni urdik. Muzdek yomg'irdan etimiz
junjikib, bir-birimizning pinjimizga kirgudek bo'lib, to'dalashib o'tirdik. Yomg'ir
bir zumda hamma yoqni shalloba qildi.
«Yomg'ir yog'di, endi uyimizga qaytsak
ham bo'lar», — deb gap tashladik ustozimizga. U kishi tomoqlarini bir qirib
qo'ydilar-da, qulayroq o'tirib oldilar. Biroz sukutdan so'ng sekin gap boshladilar:
«Qarang, to'rttagina yomg'ir sizlarni bir joyga to'pladi. Balki bu yomg'ir
bejiz emasdir. Namuncha uylaringga shoshmasalaring. Bu fursatni g'animat
biling! Bir-biringizning diydoringizdan to'yib, mehr ulashing, dildan
suhbatlashib qoling! Shunday bir kun keladiki, bir-biringizni sog'ingan
vaqtingizda diydor ko'rishmoq uchun, hatto, tuya suyib ziyofatga chaqirsangiz
ham bu do'stlarni, ayniqsa sinfdoshlarning barchasini bir erga to'plab
bo'lmaydi. Ayni vaqtni, o'tayotgan umringizni g'animat biling! Hayot g'animat,
bir-birimizga termulib turgan shu qora ko'zlar g'animat! Shirin suhbat
g'animat…»
O'sha kuni ancha vaqtgacha suhbat qurdik. To'g'risi, men o'shanda «g'animat» so'zini unchalik fahmlamagan edim. Har bahor kelganida, ilk yomg'ir tomchilaganida ustozimning o'sha so'zlarini eslayman. Ularni ko'rmoq istab, shirin suhbatlarini sog'inaman. Moziyga xayolan safar qilib, o'sha shanbalikni, darvozaxona-yu, bir-biriga termulib turgan qorako'z do'stlarimni eslayman. Xayolan ularni ko'z oldimga keltiraman. Yog'ayotgan yomg'ir g'animat, o'tayotgan umr g'animat… Bu so'zlarni ko'p-ko'p takrorlayman. Tarix sahifalariga muhrlanayotgan umrimizning har soniyasi ertaga eslasa arzigulik xotira bo'lib qolishini xohlayman. Ba`zan bilib, ba`zan bilmagan holda kimningdir ko'nglini qoldirgan kunimni, beparvo bo'lib, ota-onamiz yoki ustozimizni yo'qlay olmaganimni eslab, afsuslanaman.
Xotira inson ruhini tetiklashtiradi. Qani edi bir-birimizga samimiy mehr ulashibgina, anduhlarni unutib, uzoq vaqt shirin xotiralar bilan yashab, mangu xotiralarda qolsak. Bir g'aribning ko'nglini ovlamoq, ancha borkim Ka`ba vayron bo'lsa uni obod aylamoq. Asli mehrdan yaralgan dunyoda bir-birimizning qadrimizga etib yashaylik!