“Sug‘diyona” gazetasi “Yalla” ansamblining badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov bilan intervyu o‘tkazdi.
Rahmatli onangiz qanday tabiatli ayol edilar?
— Eslasam, otam ikkalasi ikki xil dunyo bo‘lgan ekanlar. Birlashtirib turuvchi nuqtalar bor edi, albatta — san’at, san’atga bo‘lgan muhabbat, uni chuqur anglashlari, bolalar. Ammo otam og‘ir tabiatli, kamgaproq inson edi. Onam esa dovyurak, so‘zamol ayol bo‘lganlar. Mahallada urishgan er-xotinlarni ham erinmay uylariga borib, yarashtirib kelardilar. Ko‘chada ikki mahalladosh mast kishining yoqalashayotganini ko‘rsalar ham, jim o‘tib ketolmasdi. Onamdan hayiqishardi, bitta so‘zlarini eshitishlari bilan “Xo‘p, Shoyista opa, xo‘p”, deya qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib uy-uylariga tarqalishardi. Dugonalari, rahmatli Iqbol xola “Tramvayda biror kim noto‘g‘ri qarash qilsa, Shoyista kavushini to‘g‘irlab qo‘yishga darrov kirishardi. O‘zi qiltiriqqinayu, gapirishga cho‘chimasdi. Bu boshlagan muhokamani men davom ettirishimga to‘g‘ri kelardi”, deya kulib eslardilar. Onam nozikkina, Iqbol xola esa savatli ayol bo‘lgan-da.
Siz uchun eng yuksak baho?
— Bolalagimda ham, hozir ham, xoh atrofdagilar bilan munosabatda bo‘ladimi, xoh professional ijodda “Karim Zokiriyning o‘g‘li! Barakalla, ota o‘g‘il” degan ta’rif men uchun yuksak baho. Botir akam — ijodiy vijdonim. Doim qo‘shiq yozayotganda Botir Zokirov qanday fikr bildirardilar, degan xayol keladi.
San’atkor bo‘laman deb o‘ylamasdim, chin so‘zim. Yigitlik yillarim musiqa bastalashga moyilligim bor edi. “Shunday qo‘shiq yozsamki, Botir Zokirov repertuariga kiritsa”, deb orzu qilardim. Akam esa eshitib ko‘rardi-da, «Yo‘q, hali bor, hali pishmagan», derdi. Shukr, bu baxtga musharraf bo‘ldim. 1974-yil “Majnuntol” qo‘shig‘ini yozgan bo‘lsam, bir yillardan keyin “Shu qo‘shiq juda chiroyli chiqibdi, maylimi, men kuylasam”, deya so‘raganlar. O‘shanda yuragim yorilib ketay degan. Hozir ham kuchli hayajon bilan eslayapman. Madaniyatni qarang, maylimi, deb so‘raganlar.