У нас есть только
оригинальные песни

SOG'INCH SOHILI - 8

calendar 19.12.2012
6125


Yana sog'inch saxrosida yolg'izman. Sizni sevib topganim faqat sog'inch bo'ldi. Nahotki visol qo'llaridan tutmoqlik shunchalar qiyin bo'lsa? Olislarda turib haroba holimga rahmingiz ham kelmaydi. Men-ku mayli, zor yig'layotgan yuragimga rahmingiz kelsin! Vaslingizdan o'zgaga ko'nmaydigan bu yurakni ovutmoq ancha qiyin kechmoqda. Asli ruxsoringiz surati yuragimga joylangan. Ammo shu suratingizdan ham orom olmay takror va takror sizni so'rayotgan bu yurakga qaydan orom topsam ekan? Ahir bu sog'inch saxrosida bo'zlangan nigohlardan, achchiq ko'z yoshlardan o'zga dard yo'q! Men sizni sevaman... Ammo ihtiyorim o'zimda emas. Buyruqga ko'nmaydigan yurak sevgani uchun emas sog'ingani uchun azob chekmoqda. Garchi bu sog'inch saxrosidan visol olib ketsa edi bundan kegin chekadigan azoblarimga ham rozi bo'lar edim.

Mayli, ko'zlaringiz qorasiga oy bo'lib botmoqga rozi bo'lardim. Rozi bo'lardim yuzlaringizda kulgich bo'lib qolmoqga! Ko'zlaringizga sanchilardim uzun-uzun kipriklar bo'lib. Sizdagi ziynatlarning biri bo'lishga rozi bo'lardim. Shunda ehtimol sog'inchlardan yiroq bo'larmidim? Baribir juda yomon sog'inib ketyapman. Sog'inchimni hayollar bilan chalg'itmoqga intilyapman. Lekin buning imkonini qayerdan topay? Imkonim ham, ihtiyorim ham, hayotim, borlig'im ham o'zingiz. Bunchalar o'zingizga bog'lab yana sog'inch bilan qiynamoqga haddingiz shunchalar mushtoqmi? Ehtimol endi siz bilan mahshar maydonida uchrasharmiz. Ammo o'sha vaqtgacha sizga talpinib yashayveraman. Yashaganda ham sevib va sog'inib...

Sizni sog'indim. Yuragim ishq dardiga mubtalo bo'lib topgani ko'zlarida qotib qolgan sog'inch bo'ldi. Sizni bir ko'rmoq umidida har tong yo'llaringizga betinim tikilib turaman. O'tar vaqtingiz yaqinlashgani sari yuragim o'z-o'zidan guppilab uraveradi. Sizga boylangan yuragim yaqin soniyalarda sizni bir qarashli nigohingizdan orom olishini sezaman. Bu orom toki yonimdan o'tib ketguningizcha. Ko'zlarimdan uzoqlashganingiz hamonoq yana boyagi holatga qaytaman. Shu joyda uzoq turgim keladi. Boisi ko'z o'ngimda hoziroq qoldirgan izlaringiz, o'tli nigohingiz olovidan yashnayotgan dov-daraxtlar... Hullas sizni nazaringiz tushgan hamma narsa yonimda. Ammo hech qancha vaqt o'tmay eski dard torini yana qo'liga oladi. Sog'inganidan nola chekib faryod uraveradi. Sizni yana sog'inyapman, juda sog'inyapman...

Sizni sevganimga also achinmayman. Aksincha roziman. Garchi azobli bo'lsada sevishdek baxtga erishdim. Ba'zan sog'inchimni tonggi sabo orqali qulog'ingizga shivirlab qo'ygim keladi. Tungi oromingizga sokinlik ulashayotgan to'lin oyga so'zlagan sevgim dardini sizga oshkora namoish etishini hohlayman. Chunki tunda osmonga termulib hayol surishni yaxshi ko'rishingizni bilaman. Nogahon hayollaringiz orasida har bir yulduzga boqqaningizda sevgim satrlarini ko'rishingizni, to'lin oyga allaqachon og'irlik qilayotgan ishqim dardlarini sezishingizni juda-juda istayman. Garchi meni tushunguvchi falak, oy, yulduzlar olisda. Lekin ular dardimni tinglaydigan yolg'iz dardkashlarim. Siz esa juda yaqinimdasiz. Ammo sizga sevgimni bayon qila olmayman. Boisi ishqimni rad etishingizdan emas sevgimdan xabardor bo'lib mendan o'zingizni olib qochishingizdan qo'rqaman. Asli sizni sevib azob chekayotgan yuragim sizni ko'rmay qolsa bilmadim qay holatga uchrarkin? Ehtimol urishdan to'xtab qolar...

Ishqga to'la yuragimni ushlab yuragingiz qarshisida turibman. Sizga shu yurakni topshirmoqchiman. Oshiq yuragim shuni qaror etdi. Bo'ysunmay ilojim yo'q. Qoshingizga keldim. Mag'rur yuragingiz qarshisida bo'yin egib turibman. O'tinaman bu yurakni qabul eting. Yo'qsa u menda ortiq yashay olmaydi. Uni qo'llaringizga oling. Hohlasangiz tashlab yuboring. Roziman. Faqat uning nolasini befarq qoldirmang. Faryodlari butun olamni titratgan oshiq qalbim bunga dosh bera olmaydi. O'zingizdan o'zgaga ko'nmaydigan ishqimni ovutish uchun foniy dunyo ne'matlari bekor. Ahir men faqat sizni deyman. Faqat sizni...