SOG'INCH SOHILI - 6
12.12.2012 2974
Yaxshiyamki tun bor. Odam kechasi o'zi bilan o'zi dardlashgani vaqt topadi. Yuragiga quloq tutadi. Lekin bu hammasi emas. Tun sukunatida anglab bo'lmas sehr bor. To'g'ri biroz vahimali, hadikli, ammo bilgan odam uchun orombaxsh, huzurbaxsh. Ana shu tun allasi yuragimni qamragan holda sizning iliq ruxsoringizga oshiqadi. Shu vaqtgacha faqat o'z ishimni, sevimli oilamni o'ylardim. Endi bu tushunchalardan ham qudratli tuyg'u borligini anglab yetdim. Ochig'i yuragimga ishq o'z olovini soldi. Ehtimol oilali odamning sevib qolishi kimgadir erish tuyulgandir. Ammo bu shunchaki sevgi emas, muhabbat emas. Chindanda yurakni kuydirguvchi ishq!
Avvallari muhabbat borligiga sira ishonmas edim. Muhabbatning tashrifini erta kechi bo'lmaydi desalar ham hech narsa parvoyimga kelmasdi. Endi yoshim o'tib, farzandlar kamolini o'ylash, oilani kam-ko'stini ta'minlash mas'uliyati turaganda kechikkan sevgining tashrifi butun bor-yo'g'imni o'g'irlab qo'yganday. Yo'q! Men shu ishqimni hammasidan kechmoqchi emasman. Ammo ikki o't orasida yashamoqning iztirobi ham juda azobli bo'lar ekan. Oilamdan kechmoqga erkaklik oriyatim, farzandlarim va oila boshlig'i degan mas'uliyatim yo'l qo'ymaydi. Ishqimdan kechmoqlikga esa yuragim bardosh bermaydi. Endi o'zingiz ayting. Aqlimga quloq tutaymi yoki yuragimga?
Boshimga tushgan bu ishqni nima deb atay? Yoshlikda ishqing uchun hamma narsa qilishing mumkin. Ammo kechikgan sevgini zalvori og'ir bo'larkan. Ba'zan dardlarim to'lib ketadi. Kimgadir yorilgim keladi. Ammo bu yoshdagi sevgini har kim ham to'g'ri qabul qilavermaydi. Yoki seni mutlaqo tushunmaydi. Bu ishqimni yuragimda pinhon saqlamoq ham og'ir kechmoqda. Ammo men bilaman, bu ishqim ayolimga, oilamga hiyonatim emas. Yana bilamanku siz bilan bu uchrashuv shunchaki tasodif yoki oddiygina izohlanadigan yaqinlik emas. Nazarimda ikkimizning tuprog'imiz ming yillar ilgari bir hamrturishdan qorilgan va unga muhabbatdan zeb berilgan. Sog'inch nuri ila sug'orilgan, mehrdan libos kiydirilgan. Ishqimizning yo'llari esa iymon nurlari ila yoritilgan. Shuning uchunmi bu ishqimdan, o'z-o'zimdan vos kechib ketolmayman.
Siz meni har soniya yodimdasiz. Sizni uchratganimdan buyon o'z yog'imga o'zim qovirilaman. Bu ishq odamni qiynab yuborar ekan. Erta-yu kech ko'z o'ngimdasiz. Oy'lamay deymanu sira buning uddasidan chiqolmayman. Bir kun ovozingizni eshitmasam yorug' jahonim zulmatga aylanadi. Qo'l telefonim jiring etsa har safar sizmikin umid ila go'shakga qo'l cho'zaman. Shu kungacha sevgiga ishonmay kelardim. Endi esa ishondim. Chunki u bag'rimni kuydirdi. Vujudimga titroq soldi. Avvallari rahbarlardan iliq fikr eshitsam boshim osmonga yetib behad quvonardim. Endi yagona quvonchim faqat o'zingizsiz. Bir soniyam siz haqingizdagi o'yimsiz o'tmaydi…